Saudiya Arabistoni va Misrning Al-Azhar jomiasi karantin sababli Hayit namozini uyda o‘qish kerakligini aytmoqda. Pokiston, Hindiston hamda bir qator fatvo uyushmalari, jumladan O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Fatvo hay’ati tomonidan Hayit namozini uyda o‘qib bo‘lmasligi ta’kidlanmoqda.

Aslida bu masaladagi turlichalik hayit namozini o‘tkazib yuborgan yoki biror uzrga ko‘ra unga yetisha olmagan kishi uni qazosini o‘qisa joiz bo‘lishi yoki bo‘lmasligi borasida mazhablar o‘rtasidagi ixtilofga borib taqaladi. Hayit namozining qazosini hanafiy va molikiy ulamolar o‘qish joizmas degan bo‘lsa, shofeiy va hanbaliy ulamolar joiz degan.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, mazkur masaladagi mazhablar o‘rtasidagi ixtilof sahobalar davridagi ixtilofdan kelib chiqqan.

Shofeiy va hanbaliylar Hayit namozini qazosini o‘qisa joiz bo‘ladi degan gaplariga Anas raziyallohu anhuning amalini dalil qiladi. Rivoyat qilinishicha, Anas ibn Molik raziyallohu anhu Hayit namozini o‘tkazib yuborsa, ahli-oilasi va farzandlarini jamlar, so‘ng mavlosi Abdulloh ibn Abu Utba barchalariga imom bo‘lib, xuddi shahar ahli o‘qiydigan suratda takbirlar bilan ikki rakat namoz o‘qib berar edi.

“Hayit namozining qazosi o‘qilmaydi” degan hanafiy va molikiy ulamolarga ko‘ra, Hayit namozi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam tomonilaridan faqat katta jamoat bilan namozgohda ado etilgan. Ushbu namozni qazo qilish Nabiy alayhisalomning na so‘zlari va na fe’llari bilan sobit bo‘lgan. Xususan, ibodat masalalari tavqifiy (vahiyga asoslangan) bo‘lib, uni biror ibodatga qiyoslab ado etilmaydi.

Ushbu masalada mazkur ikki mazhab o‘rtasidagi xilofni yanada yaxshiroq tushunishimiz uchun Imom Burhoniddin Marg‘iloniyning mashhur “Al-Hidoya” asariga yozilgan sharhlardan biridan iqtibos keltiramiz: “Imom bilan birga iyd namozini ado etolmagan kishi biz hanafiylarga ko‘ra uni qazo qilib o‘qimaydi. Chunki shariatimizda iyd namozini ma’lum shartlarga ko‘ra o‘qish ma’lum bo‘lgan. Yolg‘iz o‘quvchi kishi uchun ushbu shartlar mukammal bo‘lmaydi. Imom Shofeiy ushbu masalada bizga xilof qilgan bo‘lib, ‘U imom bilan qanday o‘qisa yolg‘iz holida shunday ado etadi’, deganlar. Chunki jamoat va sultonning izni Imom Shofeiyga ko‘ra shart sanalmaydi. Biz hanafiylarga ko‘ra esa Hayit namozi jamoat va sultonning izni kabi maxsus shartlar topilgandagina o‘qish mumkin bo‘lgan namoz sanaladi. Agar Hayit namozini ado eta olmasa, uni qazo qila olmaydi” (“Al-Inoya sharhul-Hidoya”).

Demak, Hayit namozi borasidagi ixtilof mazhablar o‘rtasidagi ijtihodiy ixtilof ekani ma’lum bo‘lmoqda. Hanafiy mazhabi ulamolariga ko‘ra, hayit namozini maxsus shartlari bor namoz bo‘lish bilan birga, vojib namoz hisoblanadi. Shofeiy mazhabiga ko‘ra esa bu namoz sunnat va ularning nazdida hanafiylarda qo‘yilgan ayrim shartlar yo‘q. Shu bois, shofeiylarga ko‘ra, Hayit namozini xuddi taroveh namozi kabi uyda, yolg‘iz tartibda yoki oilaviy o‘qisa bo‘ladi. Saudiya Arabistoni va Al-Azhar ulamolarining fatvosi shofeiylarga ko‘ra berilgan.

Ammo fiqhda hanafiy mazhabiga tobe bo‘lgan yurtlarda, jumladan O‘zbekistonda bugungidek vaziyatlarda Hayit namozi uylarda ham o‘qilmaydi. Chunki Hayit namozi durust bo‘lishi uchun Hayit namozi o‘qilishiga umumiy ruxsat (izni omma) bo‘lishi va Hayit namozini odamlarga muftiy tomondan tayinlangan kishi o‘qib berishi kerak. Hayit namozi uyda o‘qilganda mana shu shartlar topilmaydi. Buning natijasida namoz durust bo‘lmaydi.

Imom Abu Hanifa, Imom Molik, Imom Avzoiy, Imom Savriy va Imom Ibn Ishoqlarning tutgan yo‘llariga ko‘ra, Hayit namoziga yetisha olmagan kishi xohlasa zuho namozi kabi ikki yoki to‘rt rakat namoz o‘qishi mumkin. Ushbu namoz ham nafl hukmida bo‘lib, uni jamoat bilan o‘qilmaydi. Bunga mashhur sahoba Abdulloh ibn Mas’ud va Ali ibn Abu Tolib raziyallohu anhumodan naql qilingan fatvo dalil bo‘ladi. Abdulloh ibn Mas’ud: “Kim Hayit namozini o‘tkazib yuborsa, to‘rt rakat namoz o‘qisin”, degan. Ali raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Agar biror kishini kasal odamlarga imom bo‘lib namoz o‘qishga buyursam, to‘rt rakat o‘qishga buyurgan bo‘lar edim”.

Bizning mazhab ulamolari ushbu ikki buyuk sahobaning so‘zlariga amal qilib, Hayit namozini o‘qiy olmagan kishi zuho namozini o‘qishi mustahab ekanini aytishgan. Mo‘’tabar hanafiy fiqhiy manbalaridan biri — “Majma’ul anhur” kitobida shunday deyiladi: “Ma’lum bo‘lsinki, Hayit namozi Zuho namozining o‘rniga qo‘yilgan. Qachonki, Hayit namozi biror uzr sababli o‘qilmay qolsa, ikki yoki to‘rt rakat nafl namoz o‘qish mustahab bo‘ladi. To‘rt rakat o‘qigan afzaldir”.

Xulosa o‘rnida shuni alohida eslatib o‘tamizki, Hayit namozini yolg‘iz o‘qish joiz yoki joizmasligi ijtihodiy masalalardan sanaladi. Har ikki toifa mazhab ulamolarining ham sahobalarning so‘zidan dalillari bor. Shunday ekan, har bir yurt musulmonlari o‘zgalarning mazhabini ehtirom qilgan holda o‘z yurtlaridagi ilm ahllariga ergashishlari va turli ixtiloflarga barham berishlari lozim bo‘ladi.

Xususan, hozir insoniyat murakkab davrni boshidan kechirmoqda. O‘zbekistonda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu kasallik keng tarqalmasligi uchun bir qator cheklovlar joriy etilgan bir paytda Hayit namozini uyda alohida kichik jamoatlar bilan o‘qishga urunish yoki shunga da’vat qilish ayni jaholatdir. Afsuski, O‘zbekistondan chetda yurgan ayrim kimsalar mazhab talablari va xalq sog‘liq-salomatligini pisand qilmay, ixtilof chiqarishga qaratilgan botil g‘oyalarni tarqatishga urinmoqda. Vaholanki, Abu Said Xuduriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Zarar berish va zarar ko‘rish ham yo‘q”, deganlar.

Fatvo beruvchi shaxs insonlarning holatidan mas’ul ekanini unutmasligi kerak. Sahobalardan ba’zilari bir bemor kishi borasida bilmay fatvo berib, uning o‘limiga sababchi bo‘lib qolganida, Payg‘ambarimiz alayhissalom bundan qattiq g‘azablangan va: “Ular uni o‘ldirishibdi. Alloh ham ularni o‘ldirsin. Bilmasalar, so‘ramaydilarmi?!” degan edilar (Imom Abu Dovud rivoyati). Vallohu a’lam.

Abdulatif Tursunov, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi yetakchi mutaxassisi