Kundalik odatlar nafaqat salomatlik, balki tashqi ko‘rinishga ham ta’sir qiladi. Quyida siz e’tibor bermaydigan, ammo go‘zal bo‘lishda ahamiyati bo‘lgan odatlar xususida gaplashamiz.

Foto: The List

Uyqu

Uyqu me’yordan kam bo‘lmasligi, qorin juda to‘qligida uxlash sog‘liqqa zarar ekanini yodda tuting. Shuningdek, qanday usulda uxlash kerakligi ham muhim rol o‘ynaydi. Inson qorni bilan yoki yonboshlab yotganida teri nafas olmasligi, qon yaxshi aylanmasligi va teri ezilishi mumkin. Buning oqibatida esa ajinlarning paydo bo‘lish ehtimoli katta. Buning iloji yo‘q, odam tepaga qarab yotgani bilan kechasi bilmagan holda o‘giriladi-ku deb o‘ylovchilarga, ikki tomonlariga yostiq qo‘yib yotishni tavsiya qilamiz.

Teri parvarishi

Teringizni muntazam namlantirib turishga ahamiyat bering. Qurigan terida chiziqlar hosil bo‘lishi, osilish va ajinlar paydo bo‘lishiga moyillik bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida erta qarish yoki qari ko‘rinishga olib keladi. Shuning uchun tarkibida kimyoviy moddalar kam bo‘lgan gel va terini tozalovchi vosita va teri uchun mo‘ljallangan gidrofitli yog‘lardan foydalaning. Yo‘q deganda tabiiy mahsulotlardan uy sharoitida niqob va krem tayyorlang, sutli mahsulotlardan bo‘tqa qilib yuzingizga surting. Ishoning qimmat kremlardan-da, a’lo natija beradi.

Makiyajni o‘chirishni unutmang

Boshlangan jarayon tugallanishi kerak ekanligini yoddan chiqarmang. Yosh va go‘zal ko‘rinishning oltin va asosiy qoidalaridan biri — yotishdan avval makiyajni yuvish hisoblanadi. Makiyaj qilish vaqtida bo‘ysunmagan erinchoqlikka keyin ham bo‘yin egmang. Issiqqina o‘ringa yotib olgandan keyin yuzni bo‘yoqlardan tozalanmagani esiga tushadiganlardan bo‘lsangiz, krovatingiz yoniga yuz tozalovchi vosita va paxta disklarini qo‘yib qo‘ying va nima bo‘lgan taqdirda ham makiyajni o‘chirmay uxlamang.

Yuzingizni bakteriyalardan saqlang

Qo‘llar ozodaligiga faqatgina epidemiya vaqtida emas, balki har kuni amal qilish kerak. Qo‘lingiz bilan yuzingizga tegar ekansiz, bakteriyalarni teriga “migratsiya” qilishiga sharoit yaratib berasiz. Buning oqibatida yuzingizga husnbuzar chiqishi, yallig‘lanish va qizarishlar kuzatilishi mumkin. Qolaversa, telefondan foydalanganda ham uni hadeb yuzga olib bormaslik, uni vaqti-vaqti bilan dezinfeksiya qilish tavsiya qilinadi.