Insonning go‘zalligi u iste’mol qiladigan taom va mahsulotlar bilan bog‘liq ekanligi bir emas bir necha marta isbotlangan. Hech qaysi krem yoki vosita tabiiy mahsulotlardan olinadigan vitamin va minerallarni bera olmaydi. Go‘zallik, yoshlik va terining sog‘lomligi uchun muayyan vitaminlar, mikroelement va yog‘ kislotalari javob beradi, Harper’s Bazaar nashri mazkur moddalar qaysi mahsulot tarkibida bo‘lishi bilan bo‘lishadi.

Foto: Harper’s Bazaar

Asal

Asal shirin va kaloriyaga boy mahsulot bo‘lishiga qaramay, uning oz miqdori ham teri holatining yaxshilanishiga sababchi bo‘ladi. Uning tarkibidagi komponentlar terini ichidan oziqlantiradi, taranglashtiradi va elastikligini oshiradi. Asalni bo‘tqa, yogurt yoki tvorogga qo‘shib iste’mol qiling. Ammo issiq ichimliklarga qo‘shmaslikka harakat qiling negaki, yuqori haroratda uning tarkibidagi foydali moddalar parchalanib ketib faqat shakar qoladi.

Qulupnay

Qulupnay tarkibida hatto boshqa sitrus mevalar tarkibidan-da, ko‘proq C vitamin borligi ushbu mevani go‘zal va sog‘lom teri uchun foydasi ko‘pligini bildiradi. C vitamini kuchli antioksidant hisoblanadi. U terini turli radikallar ta’siridan himoya qilish, kollagen va elastin ishlab chiqarishni ta’minlash hamda teriga ajin tushishini oldini olish xususiyatiga ega. Qulupnayni istalgan sutli mahsulot bilan, salat yoki yogurtga qo‘shib iste’mol qilish mumkin.

Yong‘oq

Yong‘oq — vitamin E va omega–­­3 yog‘ kislotasining manbasi hisoblanadi. Ushbu moddalar terining oziqlanishini ta’minlaydi, teri qurishi hamda uning erta qarishini oldini oladi. Shunga qaramay, uning tarkibida kaloriya ko‘pligini yoddan chiqarmagan holda me’yorida iste’mol qilish kerak. Bir kunda bir hovuch yong‘oq iste’mol qilsa yetadi.

Suli yormasi

Foto: Instagram

Suli yormasi terini tinchlantirish va oziqlantirish xususiyatiga ega — oqsil va mikroelementlarga boy mahsulot hisoblanadi. Shuningdek, teri namligini saqlashda ham samarali vosita hisoblanadi. Suli yormasini nonushtaga asal, yong‘oq va mevalar bilan qo‘shib tayyorlang, bunda uning ta’siri yanada foydaliroq bo‘ladi.

Sabzavotlar

Tabiiy karatinoid antioksidantlari hamda beta-karotin sabzavotlarning yorqin rangi uchun javobgar hisoblanadi. Aynan ular sabzi, qovoq va shirin bulg‘or qalampiriga rang beradi. Organizmga tushgan beta-karotin A vitaminiga aylanadi, ushbu vitamin esa teri holatining yomonlanishi, shuningdek, qarishiga qarshi samarali vosita. U teri tarangligi, yaltirashi, tabiiy go‘zalligini yaxshilaydi. Asosiysi, A vitaminining yog‘da eruvchangligini yodda tutgan holda iste’mol ​qilish kerak. Sabzavotlardan salat tayyorlab, unga yong‘oq va o‘simlik yog‘idan bir qoshiq qo‘shing. Bunday salat iste’molidan keyin tana va teriga foydasini uzoq kutishingizga hojat qolmaydi.