O‘zbekistonda Soliqlarni avtomatlashtirilgan yig‘ish tizimi (SAYT) joriy etilmoqda. Bu haqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: DSQ matbuot xizmati

Qayd etilishicha, ushbu loyiha 2019-yilda Namangan viloyatida sinov tariqasida joriy etildi. Viloyat aholisi maxsus qurilma (terminal) yordamida SAYT dasturi ishga tushirilganligi haqida xabardor etildi. Agar soliq inspektorida bunday qurilma bo‘lmasa, ularga soliq to‘lamaslik huquqi berildi.

SAYT dasturi orqali soliq to‘lovchiga berilgan chek odatdagidan farq qiladi. Unda soliq to‘lash to‘g‘risidagi to‘liq ma’lumotlar, shuningdek, soliq xizmati organi xodimining ma’lumotlari mavjud bo‘ladi va soliq to‘lovchining mobil telefon raqamiga soliq to‘lovi amalga oshirilganligi to‘g‘risida SMS xabar ham boradi.

Bundan tashqari, inspektor hududidagi mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorligi mavjud jismoniy shaxslarni navigator tizimi (GPS) orqali aniqlash imkoniyati yaratilgan.

SAYT tizimi soliq inspektoriga soliqlarni mustaqil ravishda yig‘ish va bir vaqtning o‘zida amalga oshirgan ishlarini qayd etish imkonini beradi. Shu bilan birga, dispetcherlik web ilovasi orqali inspektorning real vaqt rejimida amalga oshirgan ishlari baholab boriladi.

“O‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, soliq inspektorlarining ish samaradorligi 2-3 baravarga oshdi”, — deydi DSQ Jismoniy shaxslarga xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i Zarifjon Zokirov.

Yil boshidan buyon Jizzax, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlari hamda Toshkent shahrida 1118 dona terminal to‘liq ishga tushirilgan. Mazkur hududlarda SAYT dasturi orqali 2020-yil yanvar—aprel oylarida mahalliy budjetlarga 43,5 milliard so‘m soliqlar undirilgan.

SAYT terminallarini ishlatishning keyingi bosqichida hujjatsiz faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlar, kadastri mavjud bo‘lmagan obyektlar va ijara shartnomasi tuzmagan shaxslarning elektron ro‘yxatini shakllantirib, qonuniy ishlashga o‘tishini nazorat qilish moduli ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, SAYT tizimi respublikaning barcha hududlarida to‘liq joriy etilishi 2020-yilda mahalliy soliqlardan qo‘shimcha 285 milliard so‘m mablag‘ tushirish imkoniyatini beradi. Bu esa terminallar uchun sarflangan mablag‘larga nisbatan 35 baravarga ko‘pdir.