Senator Edvard Marki va kongressmen Jimmi Panetta Kongress ruxsatisiz xavfsizlikka putur yetkazadigan harakatlarning oldini olish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ilgari surdi. Bu haqda senatorning saytida ma’lum qilingan.

Foto: Global Look Press

“Prezident Donald Trampning Ochiq osmon to‘g‘risidagi kelishuvdan o‘ylamay chiqib ketishi AQSh va ittifoqdoshlarimiz manfaatlariga tahdid solishi mumkin bo‘lgan Rossiya harbiy faolligini kuzatish imkoniyatimizga ta’sir ko‘rsatadi”, — deydi Marki.

Panetta esa o‘z navbatida kelishuvdan chiqish AQShning xavfsizlik sohasidagi manfaatlariga mutlaqo zid kelishini bildirgan.

21-may kuni AQSh prezident Donald Tramp mamlakatni Ochiq osmon bo‘yicha kelishuvdan chiqarishga qaror qildi. AQShning kelishuvdan chiqishiga asosiy sabab sifatida Rossiya tomonidan bitimga rioya qilinmagani ko‘rsatilmoqda. Jumladan, Rossiya Moskva, Checheniston Respublikasi va Kaliningrad viloyati ustidan uchib, kuzatuv parvozini amalga oshirishni taqiqlagan.

AQSh olti oy o‘tganidan keyin shartnomadan chiqadi. Okeanorti mamlakati shu haftadan boshlab shartnomaga kirgan boshqa ishtirokchi davlatlarga bildirishnomalar yubora boshlagan. Rossiya bu haqda 22-may kuni ogohlantirilgan.