Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan biznesmen Alisher Usmonov Andijon viloyatining Marhamat tumanida yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 1000 tasiga jami 2,5 milliard so‘mlik moliyaviy yordam berdi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.

Foto: Marhamat tuman hokimligi

Marhamat tuman hokimligining ma’lum qilishicha, “Saxovat va ko‘mak” umumxalq harakati doirasida ishchi guruhlar tomonidan olib borilgan o‘rganish natijasiga ko‘ra tumandagi 48 ta mahallada yashovchi 1000 ta oila ijtimoiy himoyaga muhtoj deb topilgan. Milliarder Alisher Usmonov tomonidan ajratilgan 2,5 milliard so‘m mablag‘ “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Marhamat filiali tomonidan plastik kartalarga o‘tkazilib, 20-may, chorshanba kuni tuman hokimligi vakillari hamda IIB hamkorligida o‘z egalariga yetkazib berilgan.

Foto: Marhamat tuman hokimligi

“Bugungi sinovli kunlarda ko‘rsatilayotgan yordam biz uchun ayni muddao bo‘ldi. Savobli ishni tashkil etgan barchaga minnatdorchilik bildiraman”, — deydi fuqaro Qimmatxon Dehqonova.

Foto: Marhamat tuman hokimligi

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sardoba toshqinidan jabrlanganlarga Alisher Usmonov nomidan 15 million dollar xayriya qilingani xabar berilgandi.