Andijon viloyatida 9-may kuni 23 kishi, Namangan viloyatida esa 20 kishi koronavirusdan sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Andijonda sog‘ayganlarning bari shu viloyatning o‘zidan. Ularning 22 nafari kasallikni koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda yuqtirib olgan, bir nafari esa Rossiyadan Qozog‘iston orqali kelib, karantinga olingan, kasallik tasdiqlangach, shifoxonaga yotqizilgan.

Andijonda sog‘ayganlarning sakkiz nafari erkak, 15 nafari ayol, eng kattasi 56 yoshda, eng kichigi 8 yoshda. Viloyatda shu paytga qadar 135 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 158 nafarga yetgan.

Namanganda sog‘ayganlarning bari shu viloyatning o‘zidan. Ular kasallikni koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda yuqtirib olishgan. Bemorlarning to‘qqiz nafari erkak, 11 nafari ayolbo‘lib, eng kattasi 64 yoshda, eng yoshi kichigi 2020-yilda tug‘ilgan chaqaloq. Viloyatda koronavirusdan sog‘ayganlar soni 179 nafarga yetgan.

Shunday qilib, O‘zbekistonda birgina 9-mayning o‘zida 71 nafar kishi koronavirusdan sog‘aydi (avvalroq Farg‘onada besh kishi, Xorazmda 10 kishi, Toshkent shahrida 13 kishi kasallikdan tuzalgani haqida xabar berilgan edi), mamlakat bo‘yicha sog‘ayganlar soni 1846 nafarga yetdi; 9-may soat 21:00 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda jami 493 nafar bemor koronavirusdan davolanmoqda.

Ma’lumot uchun, mamlakatda 15-martdan buyon koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 2349 ta holat qayd etilgan bo‘lib, bemorlarning 10 nafari kasallik asoratlari oqibatida vafot etgan.