Koronavirusdan vafot etgan kishi shahid hisoblanadi. Bu haqda Al-Azhar elektron fatvo markazining koronavirusga oid fatvolariga tayanib O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar bermoqda.

Foto: “Daryo”

“Al-Azhar xalqaro elektron fatvo markazining ta’kidlashicha, koronavirus sabab vafot etgan kishi shahid maqomida bo‘ladi va unga shahidlar ajri beriladi. Dunyo hukmlari borasida unga barcha musulmon mayyitlarga tatbiq qilinadigan g‘usl, kafanlash, janoza namozi kabi hukmlar joriy qilinadi. Buning dalili Payg‘ambar alayhissalomning quyidagi hadislari: “Shahidlar beshta: to’un (o‘lat)dan o‘lgan, qorin og‘rig‘i (ichki kasallik) bilan o‘lgan, cho‘kib o‘lgan, tom bosib o‘lgan, Alloh yo‘lida shahid bo‘lgan kishilar”. Bir rivoyatda, to’un (vabo)da o‘lgan shahiddir, deganlar”, — deyiladi xabarda.

Ana shulardan kelib chiqib koronavirusdan o‘lganlar ham to’un (o‘lat)dan o‘lganlar qatorida hisoblanadi.