“O‘zbekkino” Milliy agentligi O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi yordamida COVID-19 haqida film tayyorlashga kirishdi. Bu haqda agentlikning Instagram’dagi sahifasida ma’lum qilindi.

Foto: Instagram/@uzbekkino_official

Film kinoxronika ko‘rinishida bo‘lib, unda virusning O‘zbekistonda tarqalishi, shuningdek, COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda hukumat tomonidan qabul qilingan chora-tadbirlar aks ettiriladi.

Unda koronavirus bilan kasallanganlar uchun qurilayotgan shifoxonalar haqida lavhalar, hukumat a’zolari, tibbiyot xodimlari, ekspertlar, huquq-tartibot idoralari vakillari hamda tuzalib chiqqan bemorlarning intervyulariga keng o‘rin beriladi.

Bugun qahramonlarimiz boshidan kechirayotgan og‘ir sinovlar haqida hikoya qilish orqali biz O‘zbekistonda COVID-19 ga qarshi olib borilayotgan shiddatli kurash manzaralarini, davlatimiz tomonidan fuqarolarimiz va iqtisodiyotimizni himoya qilish uchun amalga oshirilayotgan ishlarni ko‘rsatishni maqsad qilganmiz.

Biz, shuningdek, bu jarayon butun dunyoda, xususan, bizning mamlakatimizda qanday vujudga kelgani va rivojlanganini, bu mudhish pandemiyaga qarshi qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni ko‘rsatib beruvchi videomateriallar bazasini ham yaratamiz. Ana shu baza tufayli kelgusida tadqiqotchilar va ekspetlar COVID-19 ga qarshi kurashda O‘zbekiston tajribasini o‘rganishlari mumkin bo‘ladi. Biz ayni paytda yangi O‘zbekistoning jiddiy sinovlar davridagi tarixini yozish va suratga olishga kirishganmiz.

Firdavs Abduxoliqov, “O‘zbekkino” Milliy agentligi bosh direktori