Saudiya Arabistoni qirollik oilasining 150 nafardan ortiq shahzodasi koronavirus yuqtirib olgan. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, The New York Times xabar berdi.

Foto: “MK”

Ma’lum qilinishicha, qirollik oilasiga xizmat ko‘rsatuvchi Qirol Faysal nomidagi kasalxonada 500 ta o‘rin tayyorlab qo‘yilgan. Kasalxonaning reanimatsiya bo‘limida shahzodalardan biri — Ar-Riyod gubernatori yotibdi.

Qayd etilishicha, 84 yoshli qirol Salmonning o‘zi Qizil dengizdagi orolda joylashgan saroyida “o‘zini yakkalash” rejimiga o‘tgan. Shuningdek, valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon al Saud va barcha vazirlar ham “o‘zini yakkalash” rejimida turibdi.

Saudiya Arabistoni koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rgan, mamlakatning barcha yirik shaharlari yopilgan. Mamlakatda komendantlik soati joriy qilingan. Ayni paytda qirollikda koronavirusga chalinganlar soni 2900 kishidan oshgan, 631 kishi tuzalgan, 41 kishi vafot etgan.

Avvalroq Saudiya Arabistoni Ramazon oyida masjidlarni ochishni rejalashtirmayotgani haqida xabar berilgan edi.