O‘zbekistonlik bir guruh taniqli san’atkorlar koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashish uchun mablag‘ ajratdi. Bu haqda “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi axborot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.

Foto: “Daryo”

“Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda shu kunlarda san’at ahlining jimib qolgani, xayriya ishlarida ham faol emasligi haqida turli fikrlar bildirilmoqda.

Aslida millat boshiga og‘ir kunlar kelganida san’atkorlar ham chetda turmasdan, birinchilardan bo‘lib karantin davrida odamlarning uyda o‘tirishlari uchun tayyorlanayotgan turli ko‘ngilochar ko‘rsatuvlar-u, koronavirusdan himoyalanish uchun nimalarga amal qilish kerakligi haqidagi turli chellenjlarda faol ishtirok etmoqda.

Bundan tashqari san’atkorlarimiz ham ko‘pchilik qatori xalqimizning og‘ir kunlarida yurtimizda yangi tashkil etilgan ‘O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik’ jamoat fondiga va kam ta’minlangan oilalar, aholining boshqa yordamga muhtoj qatlami uchun ham xayriya ishlarini amalga oshirib kelmoqda.

Faqat bunday ishlar xayriya bo‘lganligi bois, ko‘pchilik san’atkorlar tomonidan oshkor qilinmasdan kelinmoqda”, — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, karantin davrining ilk kunlaridan to shu kunga qadar O‘zbekiston xalq artistlari — Ozodbek Nazarbekov, Yulduz Usmonova, Farrux Zokirov, Gulsanam Mamazoitova, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar — Ulug‘bek Rahmatullayev, Mavluda Asalxo‘jayeva, Hosila Rahimova, Alisher Turdiyev (Fayz), Ziyoda Qobilova, rejissor Sa’dulla Abdullayev hamda boshqa san’atkorlar tomonidan “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga 200 million 500 ming so‘m hamda kam ta’minlangan oilalar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlami uchun 152 million so‘m, umumiy hisobda 352 million 500 ming so‘m xayriya mablag‘lari yo‘naltirilgan.

“Bundan buyon ham bu boradagi ishlar faol davom etadi. San’atkorlar har qanday kunda doimo xalqimiz va muxlislar bilan birga”, — deyiladi xabarda.