O‘zbekistonda yaqin kelajakda elektr energiyasining narxi oshirilishi rejalashtirilmayapti. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi. Ta’kidlanishicha, sohada rivojlantirilayotgan davlat-xususiy sherikligi elektr energiya qiymatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, O‘zbekistonda xususiy elektr stansiyalarini qurish va ularni boshqarishni rejalashtirayotgan xalqaro kompaniyalar o‘zlarining loyihaviy takliflarida bugungi kunda davlat elektr stansiyalarida amal qilayotgan elektr energiyasi tariflariga nisbatan past tariflarni rejalashtirmoqda.

“Istiqbolda davlat-xususiy sherikligi elektr energiyaning tannarxini pasaytirishga yordam berishi kutilmoqda, natijada o‘rta va uzoq muddatda qulay tarif siyosatini ta’minlash mumkin bo‘ladi”, — deyiladi Energetika vazirligining axborotida.