Samarqand shahriga kirish postida yuk mashinasining yukxonasida Toshkentdan Xorazmga odam olib ketayotgan shaxs aniqlandi. Bu haqda “Sevimli” telekanalining “Zamon” axborot dasturi tomonidan ma’lum qilindi.
Yuk avtomobilida o‘z manziliga yetib olmoqchi bo‘lgan yo‘lovchilardan birining aytishicha, bir kishi uchun yengil avtomobilda Xorazmga borish narxi 1,5 million so‘mga yetgan. Yuk mashinasi haydovchisi esa uni 150 ming so‘mga Xorazmga olib borishga rozi bo‘lgan.
Yuk mashinasi haydovchisining so‘zlariga ko‘ra, yo‘lovchilarning o‘zi avtobusda, taksida ketishga puli yo‘qligi sababli undan Xorazmga olib ketishni so‘ragan. Yo‘lovchilar buning uchun haydovchiga 100-150 ming so‘mdan berishini aytgan.
Samarqand shahar IIB tomonidan haydovchi va uning yordamchisiga nisbatan bayonnoma tuzilgan. Shuningdek, haydovchi va yuk mashinasidagi yo‘lovchilar Samarqandda karantinda saqlanadigan bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus tarqalishining oldini olish maqsadida 27-martdan boshlab viloyatlararo transport qatnovi to‘xtatilgan, biroq cheklov yuk mashinalariga nisbatan qo‘llanilmaydi. Shuningdek, 30-martdan shaxsiy avtomobilda maxsus ruxsatnomasiz harakatlanish taqiqlandi.
Izoh (0)