Abu-Dabi valiahd shahzodasi Muhammad ibn Zayd 27-mart kuni Suriya prezidenti Bashar Asad bilan telefon orqali muloqot qildi va BAA koronavirusga qarshi kurashishda yordam ko‘rsatishga va’da berdi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti”.

Foto: Reuters

“Suriya prezidenti Bashar Asad bilan koronavirus tarqalishining oqibatlarini muhokama qildim va unga BAA ushbu favqulodda holatda qardosh Suriya xalqiga yordam berishga tayyorligini bildirdim. Ofatlar paytida umuminsoniy hamdardlik barcha narsadan ustundir va qardosh Suriya bu og‘ir sharoitda yolg‘iz qolmaydi”, — deb yozgan Muhammad Ibn Zayd o‘zining Twitter’dagi sahifasida.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilning dekabr oyida BAA Fors ko‘rfazi mamlakatlaridan birinchilardan bo‘lib Suriya bilan diplomatik aloqalarni tiklagan edi va Suriyadagi siyosiy inqiroz sababli mamlakatda 2012-yildan yopilgan elchixonasini qayta ochgan.

Bugungacha Suriya hukumati tomonidan mamlakatda rasman koronavirus bilan kasallangan bemorlarning aniqlangani yuzasidan xabarlar berilmagan.

Fevral oyidan buyon barcha chegara postlari, portlar va xalqaro aeroportda maxsus tayyorgarlikka ega shifokorlardan iborat guruh ishlamoqda. Ularning asosiy vazifasi mamlakat hududiga kelgan odamlarni koronavirusga tekshirish va infeksiya aniqlangan taqdirda zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.

Avvalroq JSST koronavirus pandemiyasining tarqalishi tezlashganini ma’lum qilgandi. AQShda koronavirus bilan kasallanganlar soni 100 ming kishidan oshib ketdi, Italiyada koronavirus oqibatidagi o‘limlar soni bo‘yicha kunlik antirekord yangilandi — bir sutkada 969 bemor vafot etdi. O‘zbekistonda esa koronavirus bilan kasallanganlar soni 104 kishiga yetdi.