Qozog‘istonda to‘ylar onlayn rejimda o‘tkazila boshladi, deb xabar beradi “Almaty.tv”.

Foto: “Almaty.tv”

Azamat va Asal ismli sevishganlar to‘yni Navro‘z bayramida, ya’ni 22-mart kuni qiz tug‘ilib o‘sgan Arisda o‘tkazishni rejalashtirgan edi.

Biroq mamlakatda joriy qilingan favqulodda holat tufayli to‘yni qoldirishga to‘g‘ri keldi. Kutilmaganda yoshlarning ota-onasi videoqo‘ng‘iroq orqali ularga oq fotiha berib, nikohdan o‘tishlariga roziligini bildirgan.

“Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, nima qilishni bilmay qoldik. Dastlab Arisga ikkovimiz borib kelmoqchi bo‘ldik, keyin Asalning ota-onasi telefon orqali to‘yimizga rozilik berdi. Shundan so‘ng imomni taklif qilib, eng yaqin qarindoshlarimiz ishtirokida nikoh o‘qitdik. Biz mamlakat uchun shunday og‘ir damlarda to‘y qilib, insonlar hayotini xavf ostiga qo‘yishni istamadik”, — deydi kuyov Azamat.

Azamatning so‘zlariga ko‘ra, Asalning ota-onasi quda tomonni kutib olish uchun restoranni ijaraga olib qo‘ygan, yoshlarning to‘yini barcha urf-odatlarga ko‘ra o‘tkazishni rejalashtirgan edi.

“Hammamiz uchun og‘ir ushbu damlarni yengib o‘tishimiz — hozir eng asosiy masala. To‘yimiz Arisda bo‘lishi kerak edi, lekin vaziyat uni qoldirishni taqozo qildi. Ota-onalarimiz videoqo‘ng‘iroq orqali tanishdi”, — deydi kelin Asal.

Kelin-kuyovning yaqinlari ularni ijtimoy tarmoqlar hamda videoqo‘ng‘iroq orqali tabriklamoqda.

Eslatib o‘tamiz, 27-mart kuni mahalliy vaqt bilan soat 20:05 holatiga ko‘ra, mamlakatda koronavirus yuqtirib olish bo‘yicha 137 ta holat ro‘yxatga olingan.