Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-mart, payshanba kuni, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Yig‘ilishda aholini ijtimoiy va tibbiy muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi, deya xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.

Jumladan, Sog‘liqni saqlash va Moliya vazirliklariga 300 mingta ekspress-test va 500 ta sun’iy nafas oldirish apparati xarid qilish, xavf yuqori bo‘lgan aholi punktlarida ko‘chma laboratoriyalar tashkil etish vazifasi qo‘yildi.

Prezident matbuot xizmatining qayd etishicha, ekspress-testlar Rossiya, Xitoy va Singapurdan sotib olinishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonga olib kirilayotgan dori-darmonlar, substansiyalar, tibbiy texnika va boshqa zarur tovarlarni bojxona to‘lovlaridan, shu jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Shifokorlarga amaliy yordam berish va ularning malakasini oshirish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilish haqida topshiriq berildi.