“Atalanta” klubi darvozaboni Marko Sportyello koronavirusga yo‘liqdi, deya ma’lum qilmoqda bergamoliklar matbuot xizmati.

Foto: Twitter

27 yoshli darvozabon koronavirusga qon tahlili topshirgan va u ijobiy natija bergan. Futbolchida hozircha kasallik alomatlari kuzatilmagan.

Shu tariqa Sportyello koronavirusga yo‘liqqan ilk “Atalanta” futbolchisiga aylandi. Futbolchi “Valensiya”ga qarshi kechgan javob o‘yinida (4:3) ishtirok etgandi. Ispan klubining 35 foiz futbolchisida mazkur virus aniqlangani xabar qilingandi. Avvalroq “Atalanta” futbolchilari 27-martga qadar karantinda saqlanishi ma’lum bo‘lgandi.

Eslatib o‘tamiz, “Atalanta” va “Valensiya” o‘rtasidagi Milan shahrida kechgan bahs Italiyada, xususan Lombardiya hududida koronavirusning keng yoyilishiga sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Bundan oldin Italiyada 17 nafar futbolchi koronavirus yuqtirib olgandi. Ular: Daniele Rugani, Blez Matyuidi, Paulo Dibala (barchasi — “Yuventus”), Xerman Pesselya, Patrik Kutrone, Dushan Vlaxovich (barchasi — “Fiorentina”), Manolo Gabbyadini, Omar Kolley, Olbin Ekdal, Antonino la Gumina, Morten Torsbi, Fabio Depaoli, Bartosh Bereshinski (barchasi — “Sampdoriya”), Mattia Sakanyi (“Verona”), King Pol Akpan Udo (“Pyaneze”), Deniyel Maldini (“Milan”), Andrea Saraniti (“Vichensa”).

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!