Uzbekistan Airways 24-mart kuni Toshkent—Moskva—Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha charter qatnovlari amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Ta’kidlanishicha, ushbu qatnovlar Rossiya bilan kelishilgan holda favqulodda tashkil etilgan bo‘lib, HY613 Toshkent—Moskva (Vnukovo aeroporti) reysi mahalliy vaqt bilan soat 13:05 da, HY614 Moskva (Vnukovo aeroporti)—Toshkent reysi mahalliy vaqt bilan 16:45 da ketadi.

Charter qatnovga, avvalo, O'zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi xodimlari tomonidan tuzilgan ro‘yxatga muvofiq navbat bo‘yicha turgan yo‘lovchilar chaqiriladi.

Avvalroq Uzbekistan Airways chet ellik fuqarolarni Moskvaga va o‘zbekistonlik fuqarolarni Moskvadan Toshkentga olib kelish uchun 17-mart kuni Toshkent—Moskva—Toshkent charter reysni amalga oshirgani haqida xabar berilgan edi.

Uzbekistan Airways ekipaji noqulay epidemiologik holatdagi mamlakatlardan qaytganidan so‘ng, karantinda bo‘lishi sababli xorijiy fuqarolarni O‘zbekistondan olib chiqish bo‘yicha charter reyslarni tashkil etish 3 kunga qoldirilgani ma’lum qilingandi.

Eslatib o‘tamiz, 16-martdan boshlab O‘zbekiston koronavirus sabab avia va avtoqatnovlarni to‘xtatdi. Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini olib kelish bo‘yicha charter reyslar amalga oshiriladi.