Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Shavkatjon Abdurazzoqov boshchiligidagi mutasaddilar Ohangaronda joylashgan Toshkent maishiy chiqindi poligoni hamda Yashnobod tumani chiqindilarni qayta yuklash stansiyasidagi holatni o‘rgandi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev xabar bermoqda.
Ohangarondagi maishiy chiqindi poligoni sanitar holati qoniqarsiz ekanligi qayd etilib, uning atrof-muhitga salbiy ta’sirining oldini olish va hududni obodonlashtirish chora-tadbirlari belgilandi.
Xususan, poligonda qo‘riqlashni kuchaytirish, bu yerga olib boruvchi yo‘lni ta’mirlash, poligonga xususiy chiqindilarni qayta ishlovchi korxonalarni keng jalb qilish, chiqindilarni qayta ishlash orqali poligon kengayishining oldini olish masalalari kelishib olindi.
Respublika shaharlarida sanitar-tozalash xizmatlarini ko‘rsatib kelayotgan “Toza hudud” va “Maxsustrans” korxonalarini davlat-xususiy sherikchilik sharti bilan tadbirkorlik subyektlariga biriktirib berish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Eslatib o‘tamiz, Namangan shahri hokimi Shavkatjon Abdurazzaqov 5-mart kuni Prezident farmoni bilan O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlangandi.
Izoh (0)