Butun dunyo Xitoyda tarqalgan koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni va mamlakatda qabul qilingan xavfsizlik choralarini muhokama qilmoqda. Nega Xitoy rahbariyati kasallik o‘chog‘i bo‘lgan Uxan shahrini yopib qo‘ydi? Rossiyalik siyosatshunos, Yaqin Sharq bo‘yicha ekspert Mixail Magid “Daryo” uchun tayyorlagan maqolasida bu haqda fikr yuritadi.

Foto: Mixail Magid

XXRdagi siyosiy rejim kommunistik mafkura yoki konfutsiylik g‘oyalariga tayanadi degan gaplar aslida noto‘g‘ri. Xitoyda allaqachon zamonaviy kapitalistik iqtisodiyot barpo etilgan bo‘lib, u jahonning eng yirik bozorlari bo‘lmish AQSh va Yevropa ittifoqi bilan integratsiyalashgan. Bolshevizmdan esa Xitoy kommunistik partiyasining diktaturasi qolgan xolos.

Aholining 70 foizi xususiy sektorda band. So‘nggi 40 yildan buyon Xitoy iqtisodiyotining yiliga o‘rtacha 8 foizdan o‘sishi kuzatilmoqda. Shu sababli ham xitoyliklar o‘zlari tanlamagan bo‘lsa-da, kommunistik rejimga ko‘nib yashamoqda. Konfutsiylikni esa Xitoy kommunistik partiyasining rasmiy mafkurasi sifatidagi ahamiyati katta deb o‘ylamayman, unga allaqachon na rahbarlar va na oddiy xalq ishonmay qo‘ygan.

Foto: Google Photos

Xitoy rahbarlari o‘zlari hukmronlik qilayotgan rejimga nisbatan obyektiv baho beradi. Mamlakat iqtisodiyotining o‘sishi 6 foizdan pasayib ketsa, xalq g‘alayonlari va hatto inqiloblar ro‘y berishi mumkin deb hisoblanadi. Ehtimol, mamlakatda epidemiya sababli aynan shunday davr yaqinlashib kelmoqda.

Xitoy bu – o‘z legitimligini yuqori iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari va siyosiy-iqtisodiy barqarorlik evaziga ta’minlab kelayotgan siyosiy diktaturadir.

Iqtisodiy islohotlar – kolxozlarning xitoycha varianti bo‘lgan (ularda bu narsa “kommuna” deb atalgan) tuzilmalarni bekor qilish va davlatga qarashli hisoblangan ekin maydonlarini dehqonlarga shaxsan foydalanish uchun taqsimlab berishdan boshlandi. Shuningdek, ularga o‘zlari yetishtirgan mahsulotni mustaqil sotish huquqi berildi. Bunga sabab esa dehqonlarning g‘alayonlari edi.

Foto: Google Photos

G‘alayon 1970-yillar oxirida ro‘y berdi. Zamonaviy Xitoy bo‘yicha yetakchi mutaxassislardan biri Aleksandr Pansovning qayd etishicha, g‘alayon kompartiyaning mahalliy rahbarlariga oddiy dehqonlarning hamla qilishidan boshlandi va ular kolxoz yerlarini shaxsiy maqsadlarda egallab olib, kommunalarni tarqatib yubordi. Xitoyning o‘sha paytdagi rahbari Den Syaopin ushbu harakatga peshvoz chiqishga majbur bo‘ldi. Chunki Xitoyda dehqonlar g‘alayoni deyarli “qadimiy xalq an’anasi” darajasida bo‘lib, mamlakat tarixida bunday g‘alayonlar ko‘p marta sodir bo‘lgan va ular har safar davlatni larzaga solgan.

Den Syaopin bu safar ham g‘alayon mamlakatni siltab tashlashidan xavotirga tushganidan dehqonlarning mazkur harakatlariga xayrixoh bo‘lgan edi. Iqtisodiy islohotlarni Den Syaopin zimdan boshqarib, ularga yo‘nalish va shakl berib turgan bo‘lsa-da, aslida islohotlar eng quyidan – oddiy dehqonlar harakatidan boshlangandi.

Ishchilar g‘alayoni bilan ham shunga yaqin holat kuzatildi. So‘nggi yillarda XXRda ish tashlashlar borgan sari tez-tez sodir bo‘lyapti. Mamlakatda rasmiy kasaba uyushmalaridan tashqari boshqa har qanday turdagi kasaba uyushmalari faoliyati taqiqlandi.

Rasmiy kasaba uyushmalari esa butunlay hukumat nazorati ostida faoliyat ko‘rsatadi va ular odatda ishchilarning ish tashlash jarayonlarini qo‘llab-quvvatlamaydi. Shu sababli XXRda ishchilar norasmiy guruhlar ko‘rinishida birlashib, namoyishlar o‘tkazadi. Ayrim holda esa vaziyat radikal tus olmoqda va hatto hukumat bilan ishchilar o‘rtasida o‘zaro zo‘ravonlik ishlatishgacha yetib boryapti.

1989-yilgi tartibsizliklar chog‘ida xitoylik ishchilar norozilik o‘tkazayotgan talabalar safiga ommaviy ravishda qo‘shildi va zavodlarni mehnat kollektivlariga o‘zini o‘zi boshqarishga berilishini talab qilib chiqdi. Ishchilar harakati shu qadar yirik tus oldiki, oqibatda XXR rahbariyati ushbu harakatga barham berish uchun armiyadan foydalanishiga to‘g‘ri keldi. Shunga qaramay, o‘shanda ham va norozilik kayfiyati avj olayotgan hozirgi paytda ham Xitoy hukumati yangi ish o‘rinlari yaratish masalasi ustida muttasil bosh qotirishga majbur va bu borada ba’zan ishchilarning maoshlarini oshirish orqali ularga yon berishiga ham to‘g‘ri kelyapti.

Gap shundaki, XXR – aholi zichligi juda katta bo‘lgan mamlakat va uning boshqaruv rejimi g‘alayon va qo‘zg‘olonlardan juda qo‘rqib turadi. Bitta yirik shahar yoki hududning oyoqqa qalqishi kifoya va odamlarning norozilik to‘lqini butun mamlakat bo‘ylab juda tez yoyilib ketadi. Ayrim xitoyshunoslar, shu jumladan, rossiyalik yetakchi mutaxassis Aleksandr Gabuyev shunday o‘xshatish keltiradi:

“Xitoy juda ulkan va juda zich chumoli uyasiga o‘xshaydi. Xitoyning yeri Rossiyanikidan ancha kam. Bir joyda ro‘y bergan ko‘ngilsizlik juda katta tezlik bilan butun mamlakatni qamrab oladi va har yerga tarqab ketadi”.

Foto: Google Photos

Bunday zich muhitda juda tez tarqalishi mumkin bo‘lgan g‘alayonlar, qo‘zg‘olonlar va ish tashlashlar hamda odamlarning katta miqyosda oyoqqa qalqishi bilan bog‘liq xavotirlar tufayli Xitoy hukumati yillik iqtisodiy o‘sish sur’atlarini doimo yuqori jadallikda ushlab turish masalasi ustida bosh qotirishga majbur. Aynan jadal iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlari Xitoy rahbarlari oldidagi eng katta siyosiy vazifa sifatida qaraladi.

London iqtisodiyot maktabi tadqiqotchisi Branko Milanovich bu tizimni “siyosiy kapitalizm” deb ataydi. Demak, bu o‘rinda mamlakat oliy siyosiy rahbariyatining qo‘rquv hissi, ularni iqtisodiy o‘sishni muttasil ta’minlashga bo‘lgan harakatiga sabab bo‘lyapti (umuman olganda, Xitoy hukumatidagilarning aksariyati yirik puldorlar va katta kompaniyalar bilan aloqador).

Koronavirus bilan ham shunga o‘xshash muammolar doirasi bog‘liq. Aholi zichligining juda katta ekani va shu sababli kasallikning o‘ta tez yoyilish ehtimoli tufayli hukumat unga qarshi qat’iy kurashmoqda.

Ammo epidemiya boshqa omillar sababli chuqurlashmoqda. Xitoyning qator hududlarida mahalliy tibbiyot muassasalarining ahvoli chatoq, poliklinika va kasalxonalar yetishmaydi. Hukumat kasallikning shunday joylarda tarqab ketishi xataridan qo‘rqib ketdi. Chunki u yerlarda yuz millionlab aholi yashaydi. Bu narsa, avvalo, o‘lim darajasining keskin ortishiga va qolaversa, ommaviy tartibsizliklarga olib kelishi mumkin edi.

Shu sababli XXR rahbariyati 15 millionlik Uxan shahrini yopib qo‘yishdek keskin chora ko‘rishga majbur bo‘ldi. Boz ustiga, epidemiya mamlakat iqtisodiyotiga ham jiddiy zarba berish ehtimolini ham e’tibordan qochirmaslik kerak. Yuqorida aytilganidek, iqtisodiy o‘sish sur’ati XXR hukumati uchun favqulodda ahamiyatga ega bo‘lgan siyosiy masaladir. Xitoy rejimining kasallikka qarshi qat’iy choralar ko‘rayotganining izohi ham ana shunda. Xitoy kasallikni imkon qadar yengishdan manfaatdor.

Lekin muammo boshqa narsa bilan bog‘liq. Butun boshli hududlarning yopilishi oqibatida va epidemiya qarshisidagi qo‘rquv tufayli bozor, do‘kon va boshqa odam to‘planadigan joylar huvillab qolishi oqibatida iqtisodiyot susayishi, ishlab chiqarish hajmi kamayishi va savdo pasayishi sodir bo‘ldi. Bu esa endilikda ish tashlashlar va namoyishlar ko‘rinishidagi xatarli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Endi Xitoy rahbariyati epidemiyaga qarshi kurash yakunlangach, iqtisodiyotning yanada jadal o‘sishini ta’minlashiga to‘g‘ri keladi.

Foto: Google Photos

Koronavirus “nazoratdan chiqib ketgan biologik qurol” emas. Ilmiy-fantastika janriga taalluqli kinolardan olingan bunday sujet real voqelikka hech qanaqasiga to‘g‘ri kelmaydi. Gabuyev virus paydo bo‘lishini tabiiy omillar bilan bog‘liq deb hisoblaydi. Hozir esa boshqa bir narsani anglab yetish muhim.

Xitoy iqtisodiyoti, siyosiy rejimi va ushbu mamlakatning ijtimoiy muammolari (hozirgi vaziyatda bu eng avvalo koronavirus bilan bog‘liq) mazkur mamlakat rahbariyatini muttasil ravishda murakkab kompleks muammolarni hal qilish ustida bosh qotirishiga majburlamoqda. Va ular bu borada har doim ham muvaffaqiyatga erishayotgani yo‘q. Bu esa XXR siyosiy tizimining hamda iqtisodiyotning beqarorlashuviga sabab bo‘lishi mumkin.

Xitoyning o‘lchamlari va ahamiyatini e’tiborga olsak, bu narsa butun Osiyo va hatto butun dunyo uchun g‘oyat xatarlidir. Lekin murakkab masalalarni yechish borasidagi Xitoy rahbariyatining doimiy amaliy malakasi ularni muvozanatda ushlab turibdi.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.