Farg‘ona viloyatida bo‘lib o‘tgan dzyudo bo‘yicha sport musobaqasida sportchilar janjallashib ketdi, hodisa videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Mazkur hodisa yuzasidan viloyat IIB ma’lumot berdi.

Foto: Farg‘ona viloyati IIB

Ma’lum bo‘lishicha, 14-fevral, juma kuni, soat taxminan 12:50 da Farg‘ona ixtisoslashtirilgan Olimpiya zaxiralari maktab internatida o‘tkazilayotgan sport musobaqasida 18 yoshli J.X. va 20 yoshli T.K. o‘zaro janjallashgan.

Oqibatda J.X. tan jarohati olib, Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filialiga murojaat qilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u bosh qismidan yengil tan jarohati olgan.

Qayd etishlaricha, holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIO FMB 4-sonli IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. “Janjalning sabablari o‘rganilib, natijasi bo‘yicha xabar beriladi”, — deyiladi IIB axborotida.