Sirdaryoning Boyovut tumanida qimorxona tashkil etgan fuqarolarning faoliyatiga chek qo‘yildi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Departamentning Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirida fuqaro M.M. va boshqalar Boyovut tumanidagi eski traktor parki binosida qonunga xilof ravishda qimor va tavakkalchilikka asoslangan xo‘roz urishtirish o‘yinini tashkil etib, ushbu o‘yinga fuqarolarni jalb qilgan holda o‘yinga kirish uchun har bir kishidan ma’lum miqdorda pul yig‘ib olib, qimorxona tashkil etgani aniqlangan.

Shuningdek, M.M.ning turmush o‘rtog‘i M.Sh. nomiga berilgan faoliyat turi sifatida “Milliy o‘yinlar tashkillashtirish” deb ko‘rsatilgan guvohnoma aslida “Tashkilotlar uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tayyorlash xizmati” uchun berilgan bo‘lib, M.M. tomonidan qimorxona tashkil qilish maqsadida soxtalashtirilganligi ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan fuqaro M.M. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Jinoyat kodeksining 278-moddasiga ko‘ra, O‘zbekistonda qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Avvalroq Samarqandning Oqdaryo tumanidagi Mahalla qishlog‘ida xo‘rozlar jangi uchun tashkil qilingan arena faoliyatiga chek qo‘yilgani, uni tashkil etgan shaxs esa qamoqqa olingani haqida xabar berilgan edi.