O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rashid Xoliqov 2020-yil 4-yanvar kuni bobo bo‘lgan edi. Ushbu voqeadan so‘ng Rashid Xoliqov o‘g‘il nevarani dunyoga keltirgan kelini Fayruzaga Malibu Turbo mashinasini, rafiqasiga esa BMW X7 avtomobilini sovg‘a qilgan edi.

Foto: Instagram/@rashidkhalikov

Jarayon xonandaning san’atkor do‘stlari tomonidan videoga olinib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan, holat jamoatchilik o‘rtasida turli muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Shundan so‘ng Rashid Xoliqov “shu qilmishi uchun” “zapret”ga tushgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi.

“O‘zbekkonsert” davlat muassasasi rahbari Odiljon Abduqahhorovning “Daryo” muxbiri Feruz Muhammadga ma’lum qilishicha, bu gap-so‘zlar asossiz.

“Rashid Xoliqov haqida tarqalgan gap-so‘zlar asossiz. Bugungi kunda birorta xonandaning ‘O‘zbekkonsert’ bilan, shuningdek, litsenziya masalasida muammosi yo‘q. Kimdadir muammo bo‘lsa, u ham litsenziya uchun qonunchilikda belgilangan bojni to‘lamagani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin”, — dedi “O‘zbekkonsert” rahbari.

Rashid Xoliqovning administratori Ravshan Xoliqov ham xonandaning “zapret”ga tushgani haqida tarqalgan ma’lumotlarning asossiz ekanligini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, bunday asossiz gap-so‘zlar, mish-mishlar so‘nggi to‘rt-besh yildan buyon muntazam tarqaladi.