Xitoyga gumanitar yordam yuborish bo‘yicha 12-fevral kuni Toshkent xalqaro aeroportida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Ahatov ham qatnashdi. “Gazeta.uz”ning xabar berishicha, O‘zbekiston tomoni Xitoy “sinovni yengib o‘tishiga ishonadi”.

Foto: “Gazeta.uz”

“Xitoy qudratli davlat, ular ko‘p amaliy ishlarga qo‘l urgan, sa’y-harakatlar qilinmoqda. Bu davlatning qudrati va imkoniyatlarini inobatga olgan holda, ular sinovni yengib o‘tishiga ishonamiz”, — dedi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari.

“O‘zbekiston do‘st va hamkor sifatida XXRga har tomonlama yordam ko‘rsatadi. Bu ham ma’nan, ham amaliy yordam bo‘ladi. Buning isboti o‘laroq, prezidentimiz tomonidan Xitoyga gumanitar yordam yuborish bo‘yicha farmoyish imzolandi”, — dedi u.

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyevning 12-fevraldagi farmoyishiga muvofiq, O‘zbekiston koronavirus yangi turining keng tarqalishini oldini olish, epidemiologik vaziyatni jilovlash hamda uni mahalliylashtirish, kasallikka qarshi kurash harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xitoyga insonparvarlik yordami jo‘natishi haqida xabar berilgan edi.

Gumanitar yuk tarkibida eng zaruriy tibbiy anjomlar, xususan, Xitoyda ayni paytda talab etilayotgan bir marta qo‘llanadigan steril qo‘lqoplar, himoyalovchi ust kiyim, niqob va boshqalar mavjud. Hozirda O‘zbekistonda gumanitar yordamning ikkinchi partiyasi ham shakllantirilmoqda.