O‘zbekistonda elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalarini qurish majburiyati shaharsozlik normalari qatoriga kiritilishi mumkin. Bu Prezidentning “O‘zbekiston Respublikasida turistik xizmatlarni yanada diversifikatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasida taklif qilingan.

Foto: Financial Tribune

Qaror loyihasiga ko‘ra, xizmat ko‘rsatish, jamoatchilik va biznes hududlari obyektlarining loyiha hujjatlarini ishlab chiqishda elektromobillar uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha talablar shaharsozlik normalariga kiritiladi.

Qaror loyihasida quyidagilar ko‘zda tutilgan:

  • avtombillar turar joylarning 5 foizidan kam bo‘lmagan qismida, biroq bittadan kam bo‘lmagan joyda elektromobillar uchun joy ajratish va elektromobillarni quvvatlash stansiyasini o‘rnatish;
  • ajratilgan turar joylar soniga teng quvvatlash qurilmalarini o‘rnatish va ularning umumiy quvvati 11 kilovattdan ortiq bo‘lishi;
  • ajratilgan joylarning yuzasiga maxsus belgi tushirish va yo‘l belgisi o‘rnatish.

Ma’lumot uchun, 2020-yilning 1-yanvaridan O‘zbekistonga import qilingan elektr avtomobillar, avtobuslar va motosikllar uchun bojxona boji bekor qilingan.

Shuningdek, Qo‘qon shahrida elektr avtomobillari ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq Tashkent City hududida PPX xodimlari elektromobilda harakatlanishni boshlagan edi. Andijon IIB esa “Xan” elektromobilini sinovdan o‘tkazgan edi. “O‘zavtosanoat” elektromobillar uchun infratuzilma yaratish ustida ishlayotganini ma’lum qilgan.