O‘zbekiston fuqarolariga Xitoyga xizmat, turistik va boshqa maqsadlarda tashrif buyurishdan tiyilib turishlari qat’iy tavsiya etiladi, deyiladi O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Foto: “Gazeta.uz”

Vazirlikning qayd etishicha, Xitoy hukumati ko‘rayotgan qat’iy choralarga qaramay, koronavirusning yangi shakli (2019-nCoV) tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat murakkabligicha qolmoqda.

29-yanvar holatiga ko‘ra, virusni yuqtirganlar soni 6 mingdan ko‘proqni tashkil qilib, kasallikdan vafot etganlar soni 130 nafardan oshdi. Kasalga chalinganlar boshqa qator davlatlarda ham aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi va bosh konsulxonasi Uxan va karantin joriy qilingan boshqa shaharlardagi vatandoshlar bilan doimiy aloqada bo‘lib turibdi hamda markaziy va mahalliy hukumat idoralari bilan birgalikda yuzaga kelayotgan muammolar, shu qatorda maishiy masalalarni tezkorlik bilan hal qilmoqda.

Yanvar oyida Uxandan O‘zbekistonga qaytib kelgan talabalar zudlik bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga +998-90-9882330 (direktor o‘rinbosari B.Qurbonov), +998-97-2755074 (bosh mutaxassis F.Qurbonbekov) telefon raqamlari orqali bog‘lanishlari zarur.

TIV Xitoydagi o‘zbekistonliklarga zarur holatlarda istalgan vaqtda Pekindagi elchixonaga +86 135 1102-4242 (Bobur Yahyoyev), +86 139 1175-4476 (Shuhrat Umirov) telefon raqamlari orqali hamda Shanxaydagi bosh konsulxonaga +86 131 2255-5772 (Aziz Ulug‘bekov) telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatgan.

Avvalroq O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘zbekistonliklar zarurat bo‘lmagan taqdirda Xitoyga va boshqa davlatlarga bormaslikni tavsiya qilgan edi.