Chexiyalik bir guruh dasturchilar boshqa bir shirkat 16 million yevro qiymatidagi davlat servisini bepulga tayyorlab, hukumatga topshirdi, deb yozadi “Gazeta.uz”. Dasturchilar buni Transport vazirligining isrofgarchiligiga qarshi namoyish belgisida sifatida amalga oshirdilar. Ularning fikriga ko‘ra, amaldorlar asossiz ravishda katta miqdordagi shartnomani tuzishgan.

Foto: “Gazeta.uz”

Bularning barchasi pulli tezkor avtomagistral yo‘llarda harkatlanish uchun elektron ruxsatnomalarni sotishga mo‘ljallangan maxsus servisni ishlab chiqish bo‘yicha tender e’lon qilinishidan boshlandi. 400 million chex kronasi (deyarli 16 million yevro) miqdoridagi davlat buyurtmasi internet do‘kon hamda iOS va Android uchun ikkita dastur ishlab chiqishni o‘z ichiga olgan. Saytni ishlab chiqish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha to‘rt yillik shartnoma Asseco Central Europe pudratchisi bilan tuzilgan, ochiq tanlov o‘tkazilmagan.

Chexiya hukumati tomonidan “ochiqchasiga isrofgarchilik”ga yo‘l qo‘yilgani chex IT-hamjamiyatining noroziligiga sabab bo‘ldi. Actum Digital kompaniyasi sohibi Tomas Vondrachek tenderni “bema’ni” deb atadi va agar xohlasangiz, xuddi shu ishni “bir necha kun ichida” amalga oshirish mumkinligini aytdi: “Hech kim kelajakda bizning umumiy mablag‘larimizga hozirda davlat amalga oshirayotganchalik munosabatda bo‘lmasligini xohlayman”, — deya qo‘shimcha qildi.

Tomas Vondrachek mahalliy dasturchilarga davlat buyurtmasidagi servisning muqobilini ishlab chiqish uchun birlashish va hakaton o‘tkazishni taklif qildi. Ijtimoiy tarmoqlardagi ushbu chaqiriqqa Chexiyadan 300 nafar dasturchi javob berishdi. 24-yanvar, juma kuni kechqurun 60 kishi to‘plandi, yakshanba kuni kechqurun ular 16 mln yevrolik servisning aksariyat talablariga javob beradigan platformani ishlab chiqishdi. Dushanba kuni esa sayt sinov tartibida ishlashni boshladi, u hozircha davlat tizimiga ulanmagan, biroq barcha vazifalarni bajaradi.

Hakaton vaqtida Chexiya bosh vaziri Andrey Babish dasturchilar ishini ko‘rishga keldi. 1-dekabrga qadar transport vazirligi tizimni amalga oshiradigan va ishga tushiradigan kompaniyani aniqlash uchun ochiq tender o‘tkazadi. Shartnoma miqdori bir necha baravar kam bo‘lishi kutilmoqda. Tomas Vondrachek keyingi ishlarni dastlabki 400 million kronaning taxminan 25 foiziga teng deb baholadi va uning kompaniyasi musobaqada qatnashmasligini ta’kidladi.

“RIA Novosti” xabariga ko‘ra, Chexiya bosh vaziri Andrey Babish prezidentga hakatondan sal oldinroq transport vaziri Vladimir Kremlikni ishdan bo‘shatishni taklif qilgan.

“Boshqaruvchi sifatida Kremlik tezkor avtomagistrallar to‘lovi uchun avtomobillarni elektron markalash axborot tizimini ishlab chiqishga buyurtmani tayyorlashni eplay olmadi. U bu qadar katta miqdordagi pulni hech qanday dastlabki tanlovlarsiz firmalardan biriga topshirmoqchi bo‘ldi. Soliq to‘lovchilarning pullari bilan bunday muomalada bo‘lish mumkin emas. Vazirlar nimani xohlasa shuni qilishlari mumkin emas”, — deya bosh vazir so‘zlaridan iqtibos keltirdi agentlik.

Prezident Milosh Zeman 24-yanvar kuni transport vazirining iste’fosini ma’qulladi. Vladimir Kremlik esa bosh vazirning qarorini hurmat qilishini ta’kidladi, ammo qo‘shimcha qilib, tizimni kechiktirmasdan ishlab chiqish ustuvor vazifa bo‘lgani sababli tanlov yopiq tartibda o‘tkazilganini qo‘shimcha qilib o‘tdi. Pudratchi Asseco Central Europe vakillari, o‘z navbatida, tovon pulini talab qilmasdan shartnomani bekor qilishga tayyor ekanliklarini aytishdi.

Tomas Vondrachekning fikricha, norozilik belgisi sifatida saytning ko‘ngilli ravishda ishlab chiqilishi bilan bog‘liq vaziyat kelgusida Chexiyada aholi to‘layotgan soliqlarni sarflashda o‘ylab ish qilishlariga sababchi bo‘ladi. “O‘ylaymanki, davlat buyurtmalari narxini asossiz ravishda oshirishga barham berildi”, — deya qo‘shimcha qildi u.