Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida so‘zga chiqqan Prezident Shavkat Mirziyoyev deputatlar haqida fikr bildirdi. Bu haqda “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“Muammoli vaziyatlarda deputatlarning bir chekkada, tomoshabin bo‘lib turishini bundan keyin xalqimiz aslo qabul qila olmaydi. Axir, fuqarolar o‘z vakillarini xalq fikrini ifoda etish va ular manfaatini himoya qilish uchun saylaydi. El-yurtimiz deputat timsolida qonun va ahloq-odob mezonlarini buzgan mansabdorlarga qarshi tura oladigan talabchan, kurashchi, xalq dardini qo‘rqmasdan ko‘tarib chiqadigan o‘z himoyachisi, o‘z vakilini ko‘rishni istaydi. Bu borada dastlabki qadamlar tashlanmoqda. Rasul Kusherbayev, Shuhrat Polvonov, Alisher Hamroyev kabi yosh va jonkuyar deputatlar faoliyati saylovchilarga juda ma’qul bo‘lmoqda”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Prezidenti deputat Rasul Kusherbayevning faoliyatini alohida e’tirof etdi:

“Ayniqsa, Rasul to‘g‘risida ko‘p gaplar bo‘ladi, hammagayam yoqmaysan, menga yoqasan. Nimaga? Gap savol berishda emas, gap muhokama qilishda emas. Menga xalqim ishonch bildirsa, men hech qachon tashqaridan oppozitsiyani qo‘ymayman, biz ichkaridan tayyor bo‘lishimiz kerak. O‘zimizning milliy urf-odatlarimiz, xalqimiz manfaati bilan tayyor bo‘lishimiz kerak. U oppozitsiya emas, millatparvarlik, vatanparvarlik timsoli. Shuning uchun sizlarga katta rahmat! Birinchi qadam bilan, biz yaxshilarimizga mana shunday ehtirom ko‘rsatsak, bu ham to‘g‘ri bo‘ladi”.