51-Xiyobontepa saylov okrugidan xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputatligiga saylangan “Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent shahar kengashi raisi Rustam Kalonov kengashning Reglament va deputatlik odobi masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raisi etib tayinlandi. U xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi yangi tarkibining 13-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan birinchi sessiyasida komissiya raisligiga tayinlandi. Toshkent shahar hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, Kalonov boshliq komissiya tarkibidan yana to‘rt kishi o‘rin olgan.

Rustam Kalonov.
Foto: “Daryo”

Ular — Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori O‘ktam Umurzoqov (9-Salor saylov okrugidan Toshkent shahar kengashiga saylangan deputat), Senat raisi Tanzila Norboyeva (25-Sebzor saylov okrugidan Toshkent shahar kengashiga saylangan deputat), AGMK futbol klubi bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov (20-Tolariq saylov okrugidan Toshkent shahar kengashiga saylangan deputat), O‘simlik moddalari kimyosi instituti direktori Shomansur Sa’dullayev (11-Ziyolilar saylov okrugidan Toshkent shahar kengashiga saylangan deputat).

Shahar kengashi sessiyasidan so‘ng “Daryo” muxbiri Musulmonbek Ibrohimovga intervyu bergan Rustam Kalonov kelgusi besh yillikda odob-axloq masalasiga qat’iy e’tibor qaratilishi, har bir fuqaroning hurmatini, huquqlarini ta’minlash yo‘lida ish olib borilishini ta’kidladi.

Odob-ahloq aslida hammaga, ayniqsa, lavozimda o‘tirganlarga taalluqli masala. Prezidentimizning ishonchini qozonaman degan kishi ahloqni avvalo o‘zidan va oilasidan boshlashi kerak.

Xalq bilan, idoralar bilan gaplashayotganda madaniyatini yuqori qilib, muloqot qilishni o‘rganishi lozim. Hokim, vazir, umuman rahbar bo‘laman degan inson borki, o‘zini shu narsalarga tayyorlab borishi kerak.

Kelgusi besh yillikda, kim bo‘lishidan qat’iy nazar, odob-ahloq masalasida qat’iy turamiz. Har bir fuqaroni hurmat qilish, uning huquqlarini ta’minlash yo‘lida ish olib boramiz.

Rustam Kalonov, xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi deputati

Musulmonbek Ibrohimov va Rustam Kalonov.
Foto: “Daryo”

Bir muddat avval Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev va OAV xodimlari bilan bog‘liq noxush voqealar qayd etilgan edi. “Daryo” muxbirining hokimni yangi muddatga tasdiqlashda o‘sha voqealarga qanchalik e’tibor qaratildi, degan mazmundagi savoliga Rustam Kalonov shunday javob qaytardi:

“Jahongir Ortiqxo‘jayev yaxshi tadbirkor, lekin hokimiyat tizimida ishlamagan. Bag‘rikeng, yetimparvar, xalqparvar odam. Vijdoni, ko‘ngli toza bo‘lgani uchun OAV bilan: ‘Qani, kamchiligim bo‘lsa aytinglar, nimani noto‘g‘ri qildim?’, deb ochiq suhbatlar ham qildi”.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi a’zosi hisoblangan Rustam Kalonov “O‘zbekiston” telekanalining “Munosabat” ko‘rsatuvi 31-iyul sonidagi chiqishidan so‘ng ayniqsa mashhur bo‘lib ketgan edi.

“Dunyo bo‘yicha lidep g‘oyasi (liberal g‘oyalarni nazarda tutgan — “Daryo”) inqirozga uchrayapti, buni yaxshi bilasiz. Kulmang siz! Nimagaki, butun axloqsizlik, ahmoqgarchilik, erkak bilan erkakning, xotin bilan xotinning yashashlari mana shu lideplardan chiqyapti”, — degandi Rustam Kalonov.

Uning bunday chiqishidan so‘ng O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi ushbu holat uchun keng jamoatchilik, xususan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashkilotlari xodimlari, deputatlari hamda ko‘p ming sonli a’zolaridan uzr so‘ragan edi.