AT “Xalq banki”ning Yakkabog‘ tuman filiali xodimlarining ish haqini to‘lamagani uchun Damas avtomobilidan ayrildi. Bu haqda “Daryo”ga MIB Qashqadaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, 2019-yilning dekabr oyida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Yakkabog‘ tumanlararo sudining ijro varaqasiga asosan AT “Xalq banki” Yakkabog‘ tuman filialining 3 nafar xodimi ishga qayta tiklangan. Ammo bank ushbu xodimlarining majburiy bekor yurgan vaqti uchun to‘lashi kerak bo‘lgan ish haqini shu kunga qadar to‘lamagan. Ya’ni G.P.ning 1 million 523 ming 833 so‘m, A.A.ning 1 million 454 ming 327 so‘m va A.X.ning 2 million 632 ming so‘m ish haqini to‘lamayotganligi uchun bankning Damas rusumli avtomobili jarima maydonchasiga olib ketilgan.
— Kelgusida bank berilgan muddat ichida ish haqlarini to‘lamagan taqdirda ushbu avtomobilni sotib qarzdorlikni to‘lash choralari ko‘riladi, — deyiladi MIB viloyat boshqarmasi tarqatgan ma’lumotda.
Izoh (0)