Ob-havoning keskin sovushi va ayrim hududlarda qalin qor yog‘ishi munosabati bilan elektr energiyasi yetkazib berish jarayonidagi uzilishlar hamda tabiiy gaz ta’minotidagi muammolar bo‘yicha iste’molchilardan turli murojaatlar bo‘lmoqda, deb xabar beradi Energetika vazirligi matbuot xizmati.

Foto: Google Images

Respublikamiz iste’molchilariga shuni ma’lum qilamizki, Energetika vazirligi mutasaddilari elektr va gaz ta’minotidagi vaziyatdan xabardor bo‘lish bilan birga mavjud muammolar hamda sovuq tushishi munosabati bilan yuzaga kelgan holatlarni bartaraf etish, aholi uy-joylari va ish joylarining barqaror elektr energiyasi hamda tabiiy gaz bilan ta’minlashga qaratilgan barcha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Yuzaga kelayotgan holatlar tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, elektr ta’minoti tizimida energiyaga bo‘lgan ehtiyojning keskin oshishi tufayli mavjud transformatorlar o‘ta yuklanishda ishlamoqda, ayrim hollarda esa o‘ta yuklanish oqibatida nosoz holatga kelmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, respublikamizning ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda.

Yuqoridagi holatdan kelib chiqib iste’molchilarimizdan iltimos qilamizki, xonadon va ofislarni isitish uchun qo‘lbola, nostandart elektr moslamalaridan foydalanmang. Yong‘in xavfsizligi choralarini ko‘ring!

Ma’lumot o‘rnida: oxirgi uch yil davomida yirik investitsion dasturlar orqali va ma’nan eskirgan elektr tizimini modernizatsiyalash ishlari amalga oshirilmoqda. Mavjud transformatorlarning xizmat ko‘rsatish quvvatlari birmuncha oshirilgan. Biroq ayrim iste’molchilar tomonidan elektr energiyasidan oqilona foydalanmaslik oqibatida joylarda turli nosozlik holatlari (trasformatorlarning yonib ketishi) yuzaga kelmoqda.

Energetika vazirligi tasarrufidagi mas’ul tashkilotlar tomonidan ayni paytda ta’mirlash brigadalari shakllantirilgan, ular vujudga kelayotgan favqulodda vaziyatlarda darhol tegishli choralarni amalga oshirish bilan mashg‘ul. Bunday brigadalar elektr ta’minoti barqarorligini ta’minlash maqsadida kecha-yu kunduz faoliyat yuritishi tashkil etilgan.

Ma’lumki, mamlakatimizda elektr energiyasining asosiy qismi issiqlik elektr stansiyalari tomonidan tabiiy gazni yoqish evaziga ishlab chiqariladi. Qazib olingan va iste’molga yaroqli holatga keltirilgan tabiiy gaz, birinchi navbatda, elektr stansiyalari hamda aholiga ehtiyoji uchun taqsimlangan holda yetkazib beriladi. Ammo ayrim iste’molchilarimiz tomonidan gaz quvuridagi mavjud bosim rejimini noqununiy ravishda, turli nasos qurilmalari orqali sun’iy ravishda tortib olishi holatlari kuzatilmoqda va bu holat tabiiy gaz ta’minotida bosim kamayib ketishiga sabab bo‘lmoqda. Bunday holatlar nazorat etuvchi organlar tomonidan aniqlanib, jarimalar belgilanmoqda. Ammo muammo yechimi uchun jamoatchilik nazorati ham zarur.

Mamlakatda iste’molchilar ehtiyojlari uchun tabiiy gazni qazib olish hajmini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha dasturlar ishlab chiqilgan va iste’molchilarni tabiiy gazga bo‘lgan talabini qondirishga qaratilgan tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, gaz ta’minoti sohasida ham birmuncha islohotlar amalga oshirilmoqda. Masalan, gazogorelkali agregatlar zamonaviy va energiya tejovchi gaz gorelkalariga almashtirilmoqda. Bir qator sanoat korxonalarini yoqilg‘ining ko‘mir kabi muqobil turlariga o‘tkazish bo‘yicha loyihalar tabiiy gazni tejashga qaratilgan. Ushbu va boshqa choralar yaqin kelajakda mamlakat aholisini kuz-qish mavsumida uzluksiz elektr energiyasi hamda tabiiy gaz bilan ta’minlash sohasidagi muammolarni hal qilishga yo‘naltirilgan.

Yuqorida sanab o‘tilgan muammolarni hal qilish uchun Energetika vazirligining tegishli departament mutaxassislari tun-u kun ish olib borib, 1154, 71-202-50-55 (elektr ta’minoti) va 1104 (71-200-08-04) (gaz ta’minoti) tezkor liniyasi bo‘yicha kirish qo‘ng‘iroqlariga javob bermoqda. Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda.

Energetika vazirligi mamlakatimiz aholisiga vaziyatni to‘g‘ri tushungani uchun minnatdorlik bildirish barobarida shuni alohida ta’kidlaydiki, soha mutaxassislari tomonidan elektr energiyasi va tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilgan.

Yuzaga kelayotgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘raymiz.

Energetika vazirligi matbuot xizmati