Tojikistonning Istaravshon shahrida o‘zbekistonlik xonanda Yulduz Usmonovaning soxta konsertini tashkil qilgan shaxslardan biriga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Asia-Plus xabar berdi.

Foto: “Axbor.com”

Ma’lum qilinishicha, 43 yoshli Saidjon G‘aniyev Tojikiston Jinoyat kodeksining 247-moddasi 2-qismi (oldindan kelishgan holda bir guruh shaxs tomonidan sodir etilgan firibgarlik) bilan ayblanmoqda. Unga nisbatan konsert tashkil qilish va aldov yo‘li bilan odamlardan 7000 sominiyni (722 dollar) o‘zlashtirish aybi qo‘yilgan. Agar G‘aniyevning aybi sudda isbotlansa, u 52 ming somoniy (5360 dollar) miqdorida jarima to‘lashi yoki besh yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Xabar berilishicha, mamlakatning huquqni muhofaza qiluvchi idoralari konsert tashkilotchilarining yana biriga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atish masalasini ko‘rib chiqmoqda.

Yulduz Usmonova ishtirok etishi kerak bo‘lgan konsert 2019-yilning 25-dekabr kuni Istaravshan shahridagi “Sadbarg” restoranida bo‘lib o‘tgan. Konsert uchun har biri 350 somoniydan (36 dollar) bo‘lgan 300 dan ortiq chipta sotilgan. Tashkilotchilar chiptalar sotuvidan 110 ming somoniy (11,3 ming dollar) ishlab olgan.

Konsert boshlangan vaqt sahnaga ko‘zoynak taqqan ayol chiqib, qo‘shiq ayta boshlagan. Biroq muxlislar uning haqiqiy Yulduz Usmonova emasligini payqagan. Konsert vaqtida haqiqiy xonanda o‘zining Instagram’ida to‘g‘ridan to‘g‘ri efir qilganida ularning shubhasi yanada ortgan.