Londondagi “Teyt 28” galereyasi mehmoni Pablo Pikassoning “Ayol byusti” suratiga zarar yetkazib qo‘ydi. Bu haqda galereya va politsiya vakillariga asoslanib, BBC News xabar bermoqda.

“Ayol byusti” surati.

Maullif: Pablo Pikasso

Surat qanchalik jiddiy zarar ko‘rgani hozircha noma’lum. Galereya xodimlari yetkazilgan zarar ko‘lamini hisoblab chiqish uchun uni namoyishdan qaytarib olgan.

Suratga zarar yetkazishda ayblanib, Londonda istiqomat qiluvchi 20 yoshli Shakil Messi hibsa olingan. U o‘ziga qo‘yilayotgan aybni rad etmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, u 30-yanvargacha, ish bo‘yicha dastlabki eshituv bo‘lguniga qadar hibsda qoladi.

“Ayol byusti” kartinasi 1944-yili Parijda chizilgan. Unda Pablo Pikassoning ilhom parisi, rassom va fotosuratchi Dora Maar aks etgan. BBC News’ning yozishicha, surat 20 million funt-sterling (taxminan 26 million dollar)ga baholanadi.