17-dekabr, seshanba kuni Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazida 100 nafar kursantga mo‘ljallangan va qayta ta’mirdan chiqqan zamonaviy oshxona binosining tantanali foydalanishga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, tadbirda Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermonov, Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Dilshod Choriyev, harbiy xizmatchilar, markaz o‘qituvchilari va kursantlari hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Markaz oshxonasi 100 kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, u yerda O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan Qurolli kuchlar tizimiga kiritilgan oziq-ovqat bilan ta’minlash tizimi — autsorsing joriy etilgan. Oshxona “Irdimzon qurilish” xususiy korxonasi tomonidan qurilib, milliy dizayn hamda zamonaviy uskuna va anjomlar bilan jihozlangan.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 12-dekabrdagi “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida va jismoniy tarbiyalash hamda chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash tartibini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy yilning mart oyida Xorazm viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazi faoliyatini boshladi.
Izoh (0)