Iroq hukumati bosh vazir iste’foga chiqqaniga qaramay o‘z vazifalarini bajarishda davom etadi. Bu haqda Iroq vazirlar mahkamasi tomonidan rasmiy bayonot berilgan, deb xabar qilgan “TASS”.

Foto: Anha

“Hukumat a’zolari bosh vazir iste’fosidan keyin vazifasini bajaruvchi maqomini oladi va to‘liq hajmda o‘z vakolatlarini bajarishda davom etadi”, — deyiladi Iroq vazirlar mahkamasining bayonotida.

30-noyabr, shanba kuni vazirlar mahkamasining favqulodda majlisidan keyin bosh vazir Odil Abdul Mahdiy parlamentga iste’fo so‘rab murojaat yo‘llagan.

Abdul Mahdiy Oliy sud rahbari bilan maslahatlashuvdan keyin o‘z lavozimidan ketishga qaror qilgan.

“Iste’foga chiqishim mamlakatdagi inqirozga barham berish uchun ham zarur ahamiyat kasb etadi. Boshqaruvimdagi vazirlar mahkamasi qiyin sharoitlarda shakllantirilgandi va milliy qutqaruv hukumati sifatida faoliyat olib bordi”, — deydi sobiq bosh vazir.

Odil Abdul Mahdiy va hukumat vakillari iqtisodiyotga ko‘mak berish uchun juda ko‘p ishlar amalga oshirilganini ta’kidlab, mamlakatda davom etayotgan norozilik namoyishlari hamda xavfsizlik sohasidagi vaziyat islohotlar va loyihalarni amalga oshirishga xalaqit qilmasligiga umid bildirgan. U Iroq hukumatini 2018-yil 24-oktabrda qabul qilib olgandi.

Iroq konstitutsiyasiga ko‘ra, bosh vazir iste’fosi deputatlar tomonidan tasdiqlanishi lozim. Parlamentda eng ko‘p ovoz olgan nomzod yangi bosh vazir lavozimini egallash uchun harakatlarni boshlaydi, prezident unga hukumat shakllantirishni ishonib topshiradi. Ushbu jarayonga qonunchilikka muvofiq 15 kun vaqt ajratiladi. Muddat tugagach yangi hukumat rahbariga o‘z mahkamasini shakllantirish uchun bir oy vaqt beriladi.

Ayni vaqtda shialar harakati yetakchisi Muqtad as-Sadr uning “Sairun” siyosiy guruhi qonunchilik organida fraksiya a’zolarining soni bo‘yicha ustunlikka ega bo‘lsa ham yangi hukumat tarkibiga kirishga intilmasligini bildirgan. “Sairun” guruhi fraksiya a’zolari soni bo‘yicha parlamentda ikkinchi o‘rinda turgan “Fath” siyosiy bloki bilan avval hukumatda neft vazirligi lavozimida faoliyat olib borgan Abdul Mahdiy shakllantirgan mahkamani qo‘llab-quvvatlagandi.