Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi xonadonlarning biridan suv nasosi yo‘qoldi. Tuman IIB tomonidan surishtiruv ishlari boshlanib, 31-maktab o‘quvchisi gumondor sifatida maktabdan olib ketildi va so‘roq qilindi. 9-sinf o‘quvchisi yaqinlarining “Daryo”ga shikoyat qilishicha IIB xodimi so‘roq paytida o‘quvchiga kuch ishlatgan va o‘g‘rilikni bo‘yniga olishini talab qilgan.

Foto: “Daryo”

Murojaatni o‘rgangan “Daryo” muxbiri Laylo Hayitovaning qo‘shimcha qilishicha, o‘quvchiga nafaqat suv nasosi o‘g‘risi, tuman bozorida o‘g‘irlangan qo‘l telefoni-yu temirchilik ustaxonasidagi temir buyumlar o‘g‘risi tamg‘asi ham bosilgan. Barcha o‘g‘rilikni bo‘yniga olish talab qilingan.

Ma’lum bo‘lishicha, tumanning “Sho‘rcha” qishlog‘idagi fuqaro Dildora Raupovaga tegishli hovli-joy tomorqasida o‘rnatilgan suv nasosi — agideli yo‘qolgan. Murojaatga asosan tuman ichki ishlar bo‘limi surishtiruv ishlarini boshlagan. Surishtiruv ishlarini olib borayotgan tuman IIB jinoyat qidiruv tezkor vakili Murod Sharipov joriy yilning 11-noyabr kuni tumandagi 31-maktabning 9-sinf o‘quvchisi Fatxiddin Toshpo‘latovni gumondor sifatida darsdan olib chiqib, 1-son “Sarmijon” ichki ishlar bo‘limiga olib ketgan.

Suv nasos

Foto: “Daryo”

Aytilishicha, IIB xodimi Murod Sharipov Fatxiddin Toshpo‘latov tahsil olayotgan maktabga borgan va direktor bilan uchrashib, sodir bo‘lgan o‘g‘rilik yuzasidan o‘quvchisi bilan suhbatlashishi uchun ichki ishlar idorasiga olib ketishini bildirgan. Maktab direktori esa voyaga etmagan o‘quvchini ota-onasining xabarisiz IIBga yuborolmasligini aytgan. Biroq Murod Sharipov holatdan bolaning otasi xabardorligini va unga bu haqda ma’lum qilganini ta’kidlagan.

— Huquq-tartibot idorasi jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakilining “Otasidan ruxsat olganman”, degan gapiga ishondik, — deydi maktab direktori Narzulla Avezov. — To‘g‘ri, hudud profilaktika inspektoridan tashqari boshqa organ vakili bilan agarda qo‘lida sanksiya bo‘lmasa, voyaga yetmagan bolani jo‘natishga haqli emasmiz. Ammo muammo bu darajada chigallashib ketishini bilmabmiz. Maktabimizda biror marta bunday holat sodir bo‘lmagani uchunmi organ vakilining “Bolaning otasiga aytdim” degan gapiga ishondik. Holbuki Murod Sharipov G‘ijduvon tuman jinoyat qidiruv bo‘limiga ishga o‘tgunga qadar hududimizda profilaktika inspektori lavozimida ishlagan. Aybimiz — o‘g‘lining tergov bo‘limiga olib ketilayotgani haqida o‘sha paytning o‘zida ota-onasiga xabar bermadik. Bugun esa bolaning ruhiyatidagi tushkunlik hammamizni tashvishlantirmoqda.

Fatxiddin Toshpo‘latov

Foto: “Daryo”

Jurnalistik surishtiruv jarayonida “Daryo” muxbiriga hamrohlik qilgan Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi xodimi Ixtiyor Fozilov tuman jinoyat qidiruv tezkor vakili Murod Sharipovga qo‘ng‘iroq qilib, holatga oydinlik kiritish taklifini bildirgan. Murod Sharipov esa “Aka, hozir ozgina ish bor-da! Qachon tugaydi bilmadim. Sal ish ko‘proq! Bo‘limdagi navbatchidan so‘rasangiz, hamma narsani beradi. Iltimos, telefonda gaplashmaylik, aka. Ertaga vaqt topib, Buxoroga oldingizga boraman. Faqat bu yerga muxbirni olib kelmang, aka! Fatxiddin so‘roq qilinmagan, hech qanaqa jarayon yo‘q. Urgan ham emasmiz. Uni tergov bo‘limiga olib kelib, ota-onasiga xabar qilamiz, degunimizcha oradan o‘n minutcha vaqt o‘tar-o‘tmas, ota-onasi bo‘limga yetib kelishgandi”, — dedi.

Murod Sharipov bilan yuzma-yuz uchrashish va holatga oydinlik kiritish imkoni bo‘lmadi.

Maktab o‘quvchisi bilan IIBga yuborilgan 31-maktabning jismoniy tarbiya o‘qituvchisi Nozimjon Usmonov “Daryo” muxbiri bilan muloqotda Murod Sharipov so‘zida chalkashlik borligini ta’kidladi.

Foto: “Daryo”

— Direktorimiz organ vakiliga “o‘quvchining ota-onasiga xabar berish kerak”, deya bir necha marta aytgandi, — deydi Nozimjon Usmonov. – U holatdan Fatxiddinning otasi xabardorligini bildirdi. Ishondik. Vaholanki, davlat xodimi aldaydi yoki noto‘g‘ri gapiradi degan fikr bizda bo‘lmagan. Shu kuni “Sarmijon” 1-sonli tuman ichki ishlar bo‘limiga soat 12:11 da yetib borganmiz. Talabimga qaramay, meni tergov jarayoniga kirishga ruxsat berishmadi. O‘g‘rilikka aloqador jinoyat ishini aniqlash uchun Fatxiddin bilan o‘tkazilgan suhbat 1 soat-u 9 daqiqa davom etdi. Ota-onasi oradan shuncha vaqt o‘tgachgina, ya’ni 13:20 da tergov bo‘limiga kirib keldi.  Bola tergovdan juda ruhiy tushkun holatda yig‘lab chiqdi.

O‘quvchining onasi Mahliyo Fozilovaning “Daryo” muxbiriga aytishicha, u o‘g‘lining IIBga olib ketilganligini sinfdoshlaridan eshitgan. Holatni eshitib, turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilgan hamda o‘zi 1-son “Sarmijon” ichki ishlar bo‘limiga yetib borgan. Biroq navbatchi o‘g‘lining oldiga kirishga ruxsat bermagan. Janjal ko‘targach, navbatchi tergov bo‘limiga qo‘ng‘iroq qilib, vaziyat bo‘yicha ogohlantirgan.

Foto: “Daryo”

— Biroz o‘tmay, o‘g‘limni chiqarishdi. Kayfiyatsiz va ruhiy tushkun ahvolda chiqqan o‘g‘lim meni ko‘rib yig‘lab yubordi, — deydi Mahliyo Fozilova. – O‘g‘lim qo‘rqqandi. Qattiq hayajonda edi. Yuzlarining shishib ketganini ko‘rib, “urishdimi?” deb so‘radim. “Ha, yuzlarimga tarsaki tushirishdi, bir nechta sodir etilgan jinoyatlarni aytib, o‘g‘rilikni bo‘yningga olasan!”, deb bosim o‘tkazishdi”, dedi. Buni eshitgan IIB xodimi esa “qayeri ko‘kardi, qayeri sindi, biror joyi yorildimi?” — deb jazavaga tushib ketdi. Biz esa janjalga ham baqir-chaqir qilishga ham kuch topolmadik. Vaholanki, o‘g‘lim hushidan ketayozgan, dir-dir titrayotgan edi. Qaynopam bilan o‘g‘limni zudlik bilan shifoxonaga olib bordik. U yerda “Janjalli masalalar sud ekspertiza tomonidan ko‘riladi” deyishdi. Tuman ekspertiza bo‘limiga bordik. Afsuski, bu paytda tuman eksperti viloyat markaziga ish bilan ketgan ekan. Yana shifoxonaga qaytdik. Muolajalar oldik va uyga keldik.

Yaqinlarining ta’kidlashicha, voyaga yetmagan o‘quvchi Fatxiddin Toshpo‘latov uyiga keltirilgach, kechki payt ruhiy ahvoli yomonlashgan. “Men o‘g‘ri emasman, meni nohaq urishdi. Qanday bosh ko‘tarib yuraman, yashashni xohlamayman!” — deya dag‘-dag‘ titragan ko‘yi baqir-chaqir qilib, o‘z-o‘zini boshqarolmaydigan holga tushib qolgan. Oila a’zolari ruhiy sog‘lig‘ini yo‘qotyapti, deya qo‘rqib uni zudlik bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga keltirishgan. Bola tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan va unga ambulator davo buyurilgan. Kechki payt G‘ijduvon tuman tibbiyot birlashmasi bolalar bo‘limiga yotqizilgan.

Foto: “Daryo”

Asab kasalliklari shifokori Jahongir Ro‘ziyevning “Daryo” muxbiriga ma’lum qilishicha, voyaga yetmagan o‘quvchi biror bir voqeadan qattiq ta’sirlangan. Og‘ir ruhiy holatga tushib qolgan. Shifokorning aytishicha, o‘quvchiga ruhshunos yordami kerak. U bunday paytda o‘z joniga qasd qilib qo‘yishdan ham tap tortmasligi mumkin.

Ta’kidlanishicha, shifoxonada Fatxiddinga tavsiya etilgan tinchlantiruvchi dori vositalari ta’siri biroz susaygach, unda bir necha marotaba ruhiy zo‘riqish holati kuzatilgan. Shifokor tavsiyasiga ko‘ra, voyaga yetmagan bola ruhiyatidagi zo‘riqish uning hayoti bilan bog‘liq fojiaga sabab bo‘lmasligi uchun qattiq nazoratga olish bildirilgan. Bir haftacha ambulator davolangach, uyiga keltirilgan.

— Fatxiddin tarbiyali o‘quvchi, u urushqoq yoki janjalkash emas. Gohida darslarga kechikibroq kelmasa, muammosi yo‘q. O‘zlashtirishi o‘rta, sportga qiziqadi. Bundan tashqari, yog‘och o‘ymakorligi bo‘yicha yaxshigina hunarga ega. Shahmat taxtasi va shahmat donalari, shuningdek, qadimiy obidalar shaklini yog‘ochlar orqali benihoya havas qilguli darajada ifodalay oladiki, hatto o‘zimiz ham hayratda qolamiz. Qator ko‘rgazmalarda ishtirok etgan. Qalbida san’at ishqi tushgan bola yomon yo‘ldan yura olmaydi, deb o‘ylayman. O‘sha kuni tanaffus chog‘ida bola olib ketilgan. O‘g‘irlik yon qo‘shnisi uyida sodir bo‘lgani uchun balki uni so‘roq qilishgandir. Ammo Fatxiddin juda sipo, esli-hushli o‘quvchimiz, — deydi maktab direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Ozod Jamilov.

Foto: “Daryo”

Maktabdan 50-60 metr uzoqlikda joylashgan Fatxiddin yashaydigan xonadonga yo‘l oldik. U sandalda o‘ranib, ruhiy tushkun holatda yotgan, siqilish va zo‘riqish voyaga yetmagan bolani ancha so‘niqtirib qo‘ygandi. Yarim soatdan ortiq u bilan suhbatlashishga harakat qildik. Savollarimizga “Meni nohaq urishdi”, “Men yashashni istamayman!”, deb javob berishdan nariga o‘tmadi.

— So‘roq vaqtida qo‘shnimizning suv nasosi – agidelidan tashqari tuman bozorida o‘g‘irlangan qo‘l telefoni-yu temirchilik ustaxonasidagi temir buyumlarning o‘g‘irlanishini ham u bilan bog‘lashgan va bo‘yniga olishga qistagan, — deydi Fatxiddinning qo‘shnisi Abdumajid Jumayev. — Xonadonida o‘g‘irlik sodir bo‘lgan qo‘shnimizning uyi oldidan odam o‘tishga qo‘rqadi. Bundan oldin ham bir-ikkita qishloqdoshlarimiz uning uyiga o‘g‘rilikka kirib, qo‘l telefonini o‘g‘irlagan, degan dashnomga qolishgan. Keyinchalik o‘zining jiyani o‘g‘irlagani oshkor bo‘ldi. Ko‘p o‘tmay, oshxonasida yong‘in sodir bo‘ldi. Buyam jiyanining sigaret chekkani oqibatida ro‘y bergani aniqlandi. Endi esa he yo‘q, be yo‘q, hali voyaga yetmagan yosh bola uning kasriga ruhiy iztirobda qolyapti.

Mahliyo Fozilovaning aytishicha, o‘g‘li yog‘och o‘ymakorligi bilan shug‘ullanadi. Bundan tashqari qishloqdagi temirchilik ustaxonasiga ham qatnaydi.

— Ustaxonamda o‘g‘irlik sodir bo‘ldi. Ammo o‘g‘rilik mening shogirdim Fatxiddin tomonidan sodir etildi degani emas-ku, — deydi temirchi Elyor Abdullayev. —Jinoyat qidiruv bo‘limi tezkor vakili Murod Sharipov menga qo‘ng‘iroq qilib, Fatxiddin haqida so‘radi, men esa unga ijobiy tavsif berdim. Afsuski, Murod Sharipov bolaga: “Ustang aytdi, sen uning temir buyumlarini o‘g‘irlagan ekansan!” — deya do‘q urgan. Buni eshitib, bola yana hushini yo‘qotgan. To‘g‘ri, jinoyatni ochish jarayonida har bir so‘roq qilingan shaxsga ham chalg‘ituvchi savollar berilishi mumkin. Ammo bu o‘zi shundog‘am ruhiy zo‘riqishda qolayotgan bolaga nisbatan adolatsizlik emasmi?!

Jurnalistik surishtiruvlarimiz jarayonida biz bilan suhbatda bo‘lgan “Sho‘rcha” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Izomiddin Sirojevning voqeadan bexabarligi ma’lum bo‘ldi. Mahalla raisidan Fatxiddinning yurish-turishi, shuningdek, oilasidagi muhit haqida so‘ralganda u “Javob berishdan oldin ichki ishlar vakilidan so‘rasam maylimi?!”, “Bu jinoyat qidiruv bo‘limining ishi!”, “Bundan mening xabarim yo‘q!” tarzidagi javoblar bilan kifoyalandi. Ma’lum bo‘lishicha, mahalla raisi oradan uch kun o‘tgach, holatdan xabar topgan. Bola bilan yoki uning oilasidagilar bilan suhbatlashmagan, xonadoniga borib, ulardan hol so‘ramagan.

G‘ijduvon tuman IIB boshlig‘i o‘rinbosari Abduhalil Nosirov Fatxiddin Toshpo‘latov xonadonida bo‘lib, o‘quvchi bilan suhbatlashgan. Unga jinoyat ishini ochish uchun xodimlar hamma bilan suhbatlashayotganini tushuntirib, unga jinoyatchi sifatida qaralmayotganini aytgan.

Foto: “Daryo”

“Xodimimiz “urmadim” deydi, o‘quvchi “urdi”, deydi. Ayni paytda ushbu masala yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda, — deydi Abduhalil Nosirov. – Haqiqatan ham voyaga yetmagan bola chuqur ruhiy iztirobga tushgan. Muolajalar davom etadi. Tuman ichki ishlar ruhshunosini biriktiramiz. Voyaga yetmagan o‘smir bilan tergov yoki ma’lum bir jinoyatga doir suhbat olib borilganda, albatta, ota-onasi, yaqinlari yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxs bo‘lishi kerak. Tergov-surishtiruv jarayonida har bir xatti-harakatga oydinlik kiritiladi. Agar Murod Sharipov tomonidan voyaga yetmagan bolaga nisbatan nojoiz xatti-harakat qilingan bo‘lsa, unga nisbatan qonun doirasida chora ko‘riladi. Chalg‘ituvchi savollar jarayonida qo‘pollik qilgan bo‘lishi mumkin. Bu bo‘yicha ham, albatta, yakuniy xulosalar beriladi.

Ayni paytda mahalladagi xonadonda sodir etilgan o‘g‘rilik holati yuzasidan jinoyatchini aniqlash bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Aytilishicha, Fatxiddin Toshpo‘latov 25-noyabrdan maktabga chiqa boshlagan va har kuni bir soatdan o‘qib qaytyapti.

“Daryo” ushbu mavzuga yana qaytadi.

Muallif:Laylo Hayitova