Farzona Jo‘raqulova Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi 5-sonli musiqa va san’at maktabining san’at bo‘limi 5-sinfida tahsil oladi, deb hikoya qiladi “Xabar.uz”.

Foto: “Xabar.uz”

14 yoshga to‘lgan ijodkor 2015-yildan beri ta’lim maskanida haykaltaroshlik sirlarini o‘rganib kelmoqda. Bir qancha ko‘rik-tanlovlar g‘olibi.

2016-yilda “Kamalak yulduzlari” Bolalar ijodiyoti festivali respublika bosqichi g‘olibi bo‘ldi. 2018-yil aprelda Sirdaryo viloyati Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tomonidan ta’sis etilgan “Yuksak ma’naviyatli avlod” yoshlar festivalida “Eng yosh kulol” nominatsiyasi bilan taqdirlandi. O‘sha yili Guliston shahrida bo‘lib o‘tgan “Bolalar musiqa va san’at maktablari o‘quvchilarining san’at yo‘nalishi” bo‘yicha tanlovning viloyat bosqichida 1-darajali diplom bilan taqdirlandi.

Foto: “Xabar.uz”

Joriy yilning aprel oyida Sirdaryo viloyati Badiiy ijodkorlar uyushmasi tomonidan tashkillashtirilgan an’anaviy “Tasviriy sanat festivali”da “Eng yaxshi asar muallifi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi va eng faol ishtirokchi sifatida qayd etilib, O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi raisining faxriy diplomi bilan taqdirlandi.

Farzona hozirda maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim yoshidagi bolajonlar uchun yo‘l harakati qoidalarini o‘zlashtirishning qulay usuli – haykalchalar yordamida yo‘lda harakatlanish, svetoforga rioya etish, piyodalar yo‘lagidan foydalanish qoidalari ustida izlanmoqda.

Farzonaning “Nasriddin bobo”, “Afsonaviy kulol”, “Gimnastikachi qiz”, “Ajdodlarimiz merosi”, “Arslon”, “Xayol”, “Najot”, “Skripkachi qiz”, “Qo‘ziqorin bobo” kabi ishlari ayniqsa tahsinga sazovor, deyiladi xabarda.

Foto: “Xabar.uz”

Foto: “Xabar.uz”