Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev tomonidan Namangan viloyatidagi Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish mintaqaviy markazida faoliyati o‘rganildi. Bu haqda inspeksiyasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘rganishlar jarayonida ta’lim sifati bilan bog‘liq bo‘lgan qator kamchiliklar mavjudligi va ularni bartaraf etish yuzasidan muassasa rahbariyati tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilmayotganligi qayd etilgan. Jumladan, noyabr oyi rejasiga muvofiq 16 ta malaka oshirish yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilgan 25 ta guruhlarda (reja bo‘yicha jami 625 nafar tinglovchi) tinglovchilarning mashg‘ulotlarga qatnashishlari yuzasidan tushuntirish ishlari talab darajasida tashkil etilmaganligi sababli o‘quv mashg‘ulotlari boshlanganiga bir hafta bo‘lgan bo‘lsa-da, dars mashg‘ulotlariga surunkali ishtirok etmaganliklari uchun 11 nafar tinglovchilar malaka oshirish kursidan chetlashtirilgan.
Ta’lim muassasasi binosida jami 36 ta o‘quv xonalari mavjud bo‘lib, shundan 19 ta proyektor, 9 ta smart televizor hamda 5 ta elektron doskalar bilan ta’minlangan. Lekin ushbu zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan dars mashg‘ulotlarida samarali foydalanishda pedagog kadrlarning bilim va ko‘nikmalari yetishmaydi.
Masalan, “Maktabgacha ta’lim tarbiyachilari” yo‘nalishidagi “Mutaxassislik metodikasi” o‘quv moduli bo‘yicha dars tahlili kuzatilganda mavzuga oid elektron animatsiyali o‘quv materiallari mavjud bo‘lsa-da, o‘quv xonasidagi kompyuter va Smart LED elektron doskasidan foydalanish, hatto uni ishlatish va dars jarayonida foydalanish ko‘nikmalariga ham ega emasligi qayd etilgan.
O‘rganish yakunlarida Ta’lim inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Tashkenbayev raisligida ta’lim sifatini oshirishda uchraydigan kamchiliklarni bartaraf etish choralarini belgilash maqsadida viloyatdagi 3 ta oliy ta’lim muassasalari rektorlari, prorektorlar, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i hamda Xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularni malakasini oshirish mintaqaviy markazi rahbariyati, kafedra mudirlari ishtiroki tanqidiy ravishda muhokama qilingan.
Muhokama jarayonida mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida kimyo yo‘nalishi bo‘yicha tinglovchilarning laboratoriya amaliy mashg‘ulotlarini sifatli tashkil etish yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tomonidan zarur kimyoviy reaktivlar bilan ta’minlab berilishiga erishilgan.