O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Ne’matov boshchiligidagi delegatsiya Antaliya sanoat zonasiga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Foto: O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

Delegatsiya a’zolari yangi avlod issiqxona majmualarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Turkiyaning Demeter Sera kompaniyasi faoliyati bilan tanishgan. Kompaniya rahbari Barish Gukche O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoatida o‘z kompaniyasi faoliyatini kengaytirishdan manfaatdor ekanligini tasdiqlagan.

Bundan tashqari, Turkiyada LED yoritgichlarini ishlab chiqarishda yetakchilardan biri bo‘lgan Fiberli korxonasi rahbariyati bilan muzokaralar olib borilgan. Uchrashuv yakuniga ko‘ra Fiberli menejerlarining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.

O‘zbekiston delegatsiyasi, shuningdek, biologik o‘g‘itlar va o‘simliklarni zararkunandalardan himoya qilish vositalarini ishlab chiqaruvchi Agricim korxonasiga ham tashrif buyurgan. Turkiya tomoni O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi uchun qo‘shma organik mahsulot ishlab chiqarishni tashkil etish borasida hamkorlikni o‘rganishga qiziqish bildirgan.