Mudofaa vazirligi tasarrufidagi Farg‘ona, Samarqand va Urganch “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylari o‘quvchilari uchun ilk bor Toshkent shahridagi Prezident maktabi bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.
Prezident maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari bo‘lajak harbiylarga hamrohlik qilgan holda ularni jahon standartlari darajasida barpo etilgan zamonaviy ta’lim muassasasi bilan yaqindan tanishtirdi. Jumladan, ushbu maskanda ta’lim olish uchun yaratilgan sharoit, imkoniyat va qulayliklar haqida batafsil ma’lumot berdi.
Maktabimizda ona tili va adabiyoti, milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari, Vatan tuyg‘usi, O‘zbekiston va jahon tarixi, dunyo dinlari tarixi, davlat va huquq asoslari singari fanlar o‘zbek, bundan tashqari, aksariyat fanlar ingliz tilida o‘qitiladi, – deydi Toshkent shahridagi Prezident maktabining Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Mehriniso Shaymardonova.
Shuningdek, o‘quv muassasamizda 18 nafar mahalliy murabbiylar bilan bir qatorda 11 nafar xorijlik mutaxassislar o‘quvchilarga dars bermoqda. Prezident maktabida o‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani orqali harbiy vatanparvarlik ruhida voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Katta taassurotlar bilan tanishgan litsey o‘quvchilari o‘z navbatida Prezident maktabi o‘quvchilarini “Temurbeklar maktabi” faoliyati bilan tanishish uchun taklif etdi.
Izoh (0)