Bugun, 21-oktabr kuni O‘zbekistonda davlat tili bayrami nishonlanmoqda. “Daryo” o‘quvchilarini ushbu ayyom bilan tabriklash bilan birga, til doimiy e’tibor talab qilishini eslatib o‘tadi. Shu munosabat bilan “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh uncha bayramona ruhda bo‘lmagan material tayyorladi. U bilan quyida tanishishingiz mumkin.

Bugun, tillarni o‘rganuvchilar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 7 mingdan oshiq til bor. Ammo ularning faqatgina yuzga yaqini rasmiy til hisoblanadi.

Foto: Google Photos

Shuningdek, soha mutaxassislari berayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2050-yilga borib kamida 500 dan ortiq til yo‘qolib ketadi va jarayon davom etib ketaveradi va undan keyin tillar jadallik bilan yo‘qolib boraveradi.

Avvalambor O‘zbekiston deb atalmish jonajon vatanimizda “davlat tili” deb sharaf va rasmiy maqom berilgan o‘zbek tili haqidagi ma’lumotlarni keltirsam.

O‘zbek tili oltoy til oilasining turk guruhiga kiruvchi til hisoblanadi. U fonetik va grammatik jihatdan guruhdagi uyg‘ur tiliga juda yaqin hisoblanadi. O‘zbek tilida uch lahja: qarluq, qipchoq va o‘g‘uz lahjalari bor.

Bugun o‘zbek tili O‘zbekistonda davlat tili, Afg‘onistonda o‘nga yaqin shimoliy viloyatda asosiy rasmiy til, mamlakat bo‘yicha esa tan olingan rasmiy tillardan biri hisoblanadi. Shuningdek, o‘zbek tilida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya va Rossiyada yashovchi ko‘p millionli o‘zbeklar gaplashadi.

Bugun dunyoda 50 million atrofida o‘zbek tilida gaplashuvchilar bor deb taxmin qilinadi.

O‘zbek tilining tarixi haqida tarixchilar yozaversin, men tilimiz ayanchli ahvolga tushgan XX asr haqida, tilimizni ayanchli ahvolga solgan sobiq mustabid tuzum haqida, mustaqillikdan keyin ham hanuzgacha tilimizga bo‘layotgan e’tiborsizliklar haqida yozaman.

Rossiyada Nikolay II o‘rniga kelgan kommunistlar Oktabr to‘ntarishidan keyin jon-jahdi bilan Chor Rossiyasi egallab turgan hududlarni o‘z qo‘l ostida saqlab qolishga urindi va buning uddasidan chiqdi. Buning natijasida Polsha, Finlandiya va Boltiqbo‘yi davlatlari qo‘ldan chiqqan bo‘lsa-da, Chor Rossiyasiga mustamlaka bo‘lgan qolgan barcha hududlar SSSR deb nomlangan mustamlakachi davlat ixtiyoriga o‘tdi. Shu jumladan, Markaziy Osiyo va hozirgi O‘zbekiston hududi ham. Kommunistlar bosqinchilikda shunchalik ish tutdiki, buning natijasida Chor Rossiyasi davrida yarim mustaqil, yarim vassal Xiva xonligi va Buxoro amirligi ham Oktabr to‘ntarishidan biroz o‘tib tom ma’noda butunlay qaramga aylandi.

Til haqidagi maqolada muallif nega tarix haqida yozyapti deb hayron bo‘lyapsizlarmi? Sababi shu-ki, nafaqat tilimizga, balki dinimiz, urf-odatimiz, madaniyatimizga Chor Rossiyasi tomonidan unchalik kuchli zug‘um o‘tkazilmagan. Chor Rossiyasi umumiy hisobda tepamizda 50 yil atrofida hukmronlik qilgan holda biz uchun qadrli bo‘lgan dinimiz va tilimizga daxl qilmagan. Boj va o‘lponni olgan-u, qolganiga aralashmagan. Chor Rossiyasi yiqitilib, SSSR tuzilgandan keyin esa o‘tgan 70 yilda kommunistik tuzum barcha narsamizga aralashdi. Oldiniga masjid va madrasalar yopildi. Keyin kiyimga hujum qilindi. So‘ng yer-suv odamlardan tortib olindi. Bu orada alifbomiz ikki marta o‘zgartirildi, tilimiz ikkinchi darajaga tushirilib, yurtimizda rus tilini yoyishga qattiq urg‘u berildi. Respublika nomi O‘zbekiston deb atalgani bilan o‘sha davrlarda hamma ish rus tilida edi. Ilmiy ishlar, majlislar, hamma-hammasi. Umuman olganda, SSSRda turli millatlarning tillari juda cheklangan edi. Bir tarafdan “SSSRda xalqlar do‘stligi bor, unda 130 ortiq millat teng huquq bilan yashaydi” deb dunyoga jar solinar, ikkinchi tarafdan o‘sha 130 millat milliy masalalarda haq-huquqsiz yashar edi.

Bir misol. Shu yil Samarqandda o‘tgan tadbirlardan birida Moldovada joylashgan Gagauz Yeri muxtor respublikasidan kelgan mehmon, shoir, yozuvchi, publitsist, olim Fyodor Zanet bilan suhbatlashib qoldim. Gap gagauz tiliga borib taqalganida, u qiziq bir ma’lumotni berdi. SSSR paytida Moldovada va Ukrainaning Moldovaga chegaradosh hududlarida 120 mingdan oshiq gagauz millatiga mansub odam yashagan. Ammo ularning na ma’muriy hududi bo‘lgan, na gagauz tilida maktab bo‘lgan, na gazeta chiqarishgan, na radio va televideniyesi, hech narsasi bo‘lmagan. Ular 1940-yilda SSSR Moldovani qo‘shib olganidan keyin, 1989–1990-yillargacha shu holida tilidan ayro holda yashab kelgan. Gagauz bolalari yo moldavan tilida, yo rus tilida ta’lim olgan. Ular gagauz tilida dars o‘tiladigan maktablarga, oliy ta’lim muassasalariga, OAVga, radioeshittirish va televideniyega SSSR tarqab ketish arafasida erishgan.

SSSR paytidagi turli millatlarning milliy tiliga qarshi kurash qay darajada ekanini gagauz tilining taqiqlab tashlanganidan ham bilsa bo‘ladi. Bu o‘rinda “taqiqlab” so‘zini o‘rinsiz ishlatmayapman. To‘g‘ri-da, bir millat o‘zining ona tilida ta’lim ololmasa, o‘sha tilda gazeta-jurnal chiqara olmasa, radioeshittirish bo‘lmasa, bu tilni taqiqlashdan boshqa narsa emas! SSSR bir tarafdan “xalqlar do‘stligi”ni dunyoga targ‘ib qilib, ikkinchi tarafdan milliy tillarni kamsitib yo‘qotishga uringan.

Endi O‘zbekistonga, o‘zbek tiliga kelsak. Kommunistlarning 70 yillik hukmronligi davrida bosqinchilar doim uni yo‘qotishga, falajlashga urindi.

“O‘zbekfilm” degan kinostudiyani bilasiz. Mana shu kinostudiya o‘zbekistonliklarning kinostudiyasi bo‘lgan. Unda asosan o‘zbeklar hayotiga daxldor kinofilmlar olingan. Ammo unda suratga olinadigan kinofilmlar avval rus tilida olinib, so‘ng Moskvaga badiiy kengashga yuborilgan. Badiiy kengashdan o‘tganidan keyin filmlar o‘zbek tiliga tarjima qilingan.

Har qanday majlis rus tilida o‘tkazilgan. Ilmiy ishlar, tadqiqotlar rus tilida yozilgan. Umuman olganda, ko‘cha belgilari deysizmi, katta-katta shiorlarmi, hammasi rus tilida bo‘lgan. Kim bo‘lishingizdan qat’i nazar, ona tilingiz bo‘lgan o‘zbek tilidan gap ochsangiz, sizni darrov millatchiga, xalqlar do‘stligini ko‘ra olmaydigan dushmanga chiqarishgan. Qisqasi, o‘sha davrdagi holat o‘zbek tili uchun g‘oyat achinarli bo‘lgan.

1989-yil, 21-oktabr kuni O‘zbekiston SSR Oliy Soveti til haqidagi qonunni qabul qildi va o‘zbek tilini davlat tili deb e’lon qildi. Bugun o‘sha voqeani ayrimlar yakkash shaxslarga bog‘laydi. Ammo bu ish qandaydir bir shaxs xohishi bilan emas, xalq xohishi bilan sodir bo‘lgan edi. O‘sha ish yakka shaxslarga aloqasi yo‘qligiga yana bir isbot: yon qo‘shnilarimizga qarasangiz, ularning barchasi til haqidagi qonunni bizdan oldin qabul qilganiga amin bo‘lasiz.

Jumladan, davlat tili haqidagi qonunni Markaziy Osiyoda Tojikiston (1989-yil 22-iyul), Qozog‘iston (1989-yil 22-sentabr) va Qirg‘izistondan (1989-yil 22-sentabr) so‘ng 1989-yil 21-oktabrda O‘zbekiston ham qabul qildi.

Nafaqat bizning, balki boshqalarning ham o‘z milliy tiliga rasmiy maqom berilishi aslida Gorbachyov boshlab bergan oshkoralik siyosati tufayli sodir bo‘lgan va buning natijasida SSSR tarkibida bo‘lgan milliy respublikalar o‘z davlat tilini belgilash huquqiga ega bo‘lgan edi.

1989-yil 21-oktabrda O‘zbekiston SSR Oliy Soveti tomonidan til haqidagi qonun qabul qilinar ekan, hali SSSR degan davlat tirik va bu davlatda ruslarning gegemonligi saqlanib qolayotgan edi. Shu tufayli ham “Davlat tili to‘g‘risida”gi qonun matbuotda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ko‘pchilik ziyolilar o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishini qo‘llab-quvvatladi. Ba’zilari rus tiliga ham davlat tili yoki rasmiy til maqomini berishga, hech bo‘lmasa qonunda rus tilining millatlararo muloqot tili bo‘lishini qo‘shishga urindi. Rus tiliga davlat yoki rasmiy maqom berilmadi. Lekin uning 1-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi hududida rus tilini SSSR xalqlarining millatlararo muomala tili sifatida rivojlantirish va undan erkin foydalanish ta’minlanadi. Milliy va rus, rus va milliy tillarda muloqot qilishni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratiladi” deb belgilab qo‘yildi. Faqatgina 1995-yil 21-dekabrda “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi qonunga o‘zgartish kiritilib, bu band olib tashlandi.

Ammo, umumiy olganda, “Davlat tili haqidagi qonun”dan “rus tili millatlararo muloqot tili sifatida foydalaniladi” deyilgan band olib tashlangan bo‘lsa-da, bu amalda o‘zbek tilini mamlakat bo‘ylab rivojlanishiga yordam bera olmadi. Aksincha, turli qonunlar rus tilida yozilib, e’lon qilinib, majlislar rus tilida olib borilib, qariyb barcha idoralarning ish qog‘ozlari, ish yuritishlari rus tilida chop etilib, qaytaga o‘zbek tili yillar davomida ancha zaiflashdi.

Adabiyotshunos olim Zuhriddin Isomiddinov o‘zining “Xalqning davlati bo‘lsin-u davlatli tili bo‘lmasinmi?” maqolasida mustaqillikka erishganimizdan keyin tilimizga bo‘lgan e’tibor sustligini tanqid qilib yozgan maqolasida shunday yozadi:

Binobarin, O‘zbekistonda davlat tili haqidagi qonun “yayrab” ijod etilishi lozim edi. Afsuski, O‘zbekistonning bu qonuni eng ixcham, boz, uning “tish-tirnog‘i” yo‘q – biron moddasi bajarilmasa, jazo beradigan mexanizmi mavjud emas. Mana, O‘zbekiston qonunining dastlabki moddalarini ayrim qo‘shnilar qonunlari moddalariga qiyoslab ko‘raylik:

O‘zbekiston: “1-modda. O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir”.

Biroq bu “qaltis” gap uchun keyingi oltita moddada “uzr” so‘raladi:

“2-modda. O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi respublika hududida yashovchi millat va elatlarning o‘z ona tilini qo‘llashdan iborat konstitutsiyaviy huquqlariga monelik qilmaydi.

3-modda. O‘zbek tilining O‘zbekiston Respublikasi hududida davlat tili sifatida amal qilishining huquqiy asoslari ushbu qonun va boshqa qonunlar bilan belgilab beriladi. Tilning Qoraqalpog‘iston Respublikasida amal qilishiga bog‘liq masalalar, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan belgilanadi. Ushbu qonun tillarning turmushda, shaxslararo muomalada hamda diniy va ibodat bilan bog‘liq udumlarni ado etishda qo‘llanishini tartibga solmaydi.

Fuqarolar millatlararo muomala tilini o‘z xohishlariga ko‘ra tanlash huquqiga egadirlar.

4-modda. O‘zbekiston Respublikasida davlat tilini o‘rganish uchun barcha fuqarolarga shart-sharoit hamda uning hududida yashovchi millatlar va elatlarning tillariga izzat-hurmat bilan munosabatda bo‘lish ta’minlanadi, bu tillarni rivojlantirish uchun shart-sharoit yaratiladi.

Fuqarolarga davlat tilini o‘qitish bepul amalga oshiriladi.

5-modda. O‘zbekiston Respublikasida davlat tilida faoliyat ko‘rsatadigan, milliy guruhlar zich yashaydigan joylarda esa — ularning tillarida faoliyat ko‘rsatadigan maktabgacha tarbiya bolalar muassasalarini tashkil etish ta’minlanadi.

6-modda. O‘zbekiston Respublikasida yashovchi shaxslarga ta’lim olish tilini erkin tanlash huquqi beriladi. O‘zbekiston Respublikasi davlat tilida, shuningdek, boshqa tillarda ham umumiy, hunar-texnika, o‘rta maxsus va oliy ma’lumot olishni ta’minlaydi”.

Olim qonunlarimizdagi tilimizning mamlakatimizdagi gegemonligiga chek qo‘yadigan bo‘shliqlarni sanar ekan, ortidan tilimizning bugungi kunda ham davlat tili darajasiga ko‘tarila olmaganini shu bilan asoslaydi va avvalo til haqidagi qonunni qayta ko‘rib chiqish kerak deb hisoblaydi:

“Shunday ekan, avvalo, bu qonunning o‘zini mukammallashtirish shart. Buning uchun qonunshunos mutafakkirlar til haqidagi qonunimizni boshqalarning shunday hujjatlariga qiyosan ko‘rib chiqib, yetishmagan moddalarni ulardan olish haqida taklif berishlari kerak.

Har bir davlatning o‘z fuqarolari oldidagi obro‘si qonunlarga amal qilinishini ta’minlash bilan yuksaladi. Hukumat degani esa qonun ijrosiga mas’ul mahkama. Shunday ekan, qonunni takomillashtirish, uni tishli-tirnoqli bir holga keltirish va bajarilmagan hollarda tayinlanadigan jazo mexanizmini barpo etish bilangina murod hosil bo‘ladi. O‘zbekistonda o‘zbek tili chinakam davlat tiliga aylanadi”.

Mustaqil bo‘lganimizdan so‘ng o‘tgan 30 yilda mamlakat demografiyasidagi ahvol mahalliy xalqning foydasiga o‘zgardi, o‘zbek tilida gapiradigan aholi 90 foizdan ziyod (1989-yilgi aholi ro‘yxatida bu 72 foiz edi) bo‘ldi. Rus tilli aholining yil sayin ozayib borayotgani ma’lum (mamlakat miqyosida 8 foiz, Toshkent shahri va viloyatida 20 foiz atrofida).

Lekin bu o‘zgarish xalqning rus tilidan voz kechib, o‘zbek tilida muloqot qilishga o‘tganini anglatmaydi. Shunchaki, 1991-yilda mustaqillikka erishganimizdan so‘ng O‘zbekistonni ko‘plab rusiyzabonlar tark etdi. Buni ustiga mahalliy xalqlar tez suratlarda ko‘payish dinamikasini ko‘rsatdi. Buning natijasida mamlakat aholisining tarkibida foiz hisobida rusiyzabonlar yildan yil kamayib kelmoqda.

Ammo ona tilimiz bo‘lmish o‘zbek tiliga endi boshqa xavf tahdid solyapti. Yirik shaharlarda yashayotgan o‘zbek millatiga mansub aholining aksar qismi bugun o‘z ona tilini mensimay, uni unutib oilasida ham, ko‘cha-ko‘yda ham, hatto ijtimoiy tarmoqlarda ham ruscha gaplashishga o‘tib ketyapti. Achinarlisi, bu jarayon to‘xtamay davom etyapti va bunday insonlar farzandlarini ham rusiyzabon qilib tarbiyalayapti. Hatto bugun rus tilini mutlaqo bilmaydigan ota-onalar ham o‘z bolasini rus tiliga ixtisoslashgan maktabda o‘qitishga harakat qilyapti.

Shu yerda fikrimni bildirib ketay. Aslida men kimlardir bolasini xorij tillariga ixtisoslashgan maktabda o‘qitishiga qarshi emasman. Buni qo‘llab-quvvatlayman. Ammo bu ish o‘z ona tili bo‘lgan o‘zbek tilini unutib yuborish evaziga bo‘lmasligi kerak. Yosh avlod, mayli uchta-to‘rttalab xorij tilini o‘rgansin. Lekin o‘zbek tilini unutmasin.

Bugun o‘zbek tilini nafaqat mamlakatimizda, balki xorijda ham nufuzini oshirish muammosi oldimizda ko‘ndalang turibdi. Lekin bu ishlarni tilimizga e’tiborsizlik bilan qanday amalga oshiramiz, bilmayman.

Shu o‘rinda “xo‘sh, o‘zbeklar o‘z tilini unutib ruslashib ketsa nima bo‘ladi?” degan haqli savol tug‘ilishi mumkin. Chetdan qaraganda, buning unchalik xavfli tomoni ko‘rinmasligi mumkin. Biroq oxirgi paytlarda ko‘ryapmiz, dunyoni bo‘lib olishni xohlayotgan “nahanglar” aksariyat joylarda katta-katta janjallarni, urush keltirib chiqaradigan mojarolarni asosan e’tiqod va milliylik orasida keltirib chiqarmoqda. Masalan, birgina MDHdagi turli respublikalarda notinch bo‘lib turgan holatlarga e’tibor berib ko‘raylik. Moldovada Pridnestrovye, Ukrainada Donetsk, Lugansk va Qrimda bo‘lib o‘tgan mojarolarining hammasi millatlarning kelishmovchiligi asosida yuz bergan notinchlikdir.

Bu bizga dars bo‘lmog‘i kerak. Biz o‘sha hodisalardan yetarli xulosa chiqarmog‘imiz va o‘zbek tiliga bo‘lgan munosabatni o‘zgartirishimiz kerak. Aks holda qachonlardir oqibat biz uchun ham yomon tugashi mumkin. Salomat bo‘linglar!

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.