Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Samarqand—Qarshi trassasida Koson yoqilg‘i quyish shoxobchasida transport vositasiga dizel yoqilg‘isini quyish bilan bog‘liq muammo tug‘ilgani tufayli xorijiy turistlar avtobusining 2 soatga kechiktirilgani haqidagi xabar yuzasidan Energetika vazirligi izoh berdi.

Foto: Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi

Xabarda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi turistik avtobus ushbu AYoQSh shoxobchasiga sayyohlar qo‘shimcha obyektlarni ko‘rish istagini bildirgani tufayli kelgani qo‘shimcha qilingan. Ammo har qanday holatda sayyohlarga to‘laqonli xizmatlar ko‘rsatilish uchun javobgarlik turni tashkil qilgan turistik kompaniya zimmasida ekanligi aytilgan.

Shuningdek, 2019-yilning sentabrida 45,4 ming tonna dizel yoqilg‘isi birjaga qo‘yilgani, shundan 14,6 ming tonnasi sotilgan, ya’ni taklif talabdan ortiq bo‘lgani aytilgan.

“Bunda qandaydir yetkazib berilmaslik haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Mamlakatdagi barcha yuridik shaxslar, shu jumladan, turistik firmalar o‘z ehtiyojlari uchun to‘siqsiz dizel yoqilg‘isini sotib olishi mumkin”, — deyiladi vazirlik xabarida.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ham tegishli turistik tashkilot bilan birgalikda ushbu hodisa yuzasidan batafsil tekshiruv o‘tkazgan.

Qo‘mita matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, xabarda nazarda tutilgan turistlarga “Azim Travel Servis” MChJ tomonidan xizmat ko‘rsatilgan, avtobus ham mazkur sayyohlik tashkilotiga tegishli bo‘lgan. Samarqand—Qarshi—Buxoro yo‘nalishida harakatlanayotgan sayyohlar ijtimoiy tarmoqlarda keltirilganidek yaponiyalik emas, aslida xitoylik bo‘lgan.

2-oktabr kuni 22 kishidan iborat sayyohlar guruhining turistik marshruti Termizdan Buxoro shahri tomon ketayotgan bo‘lgan. Xitoylik sayyohlar guruhi qo‘shimcha maskanlarni ko‘rish istagini bildirgani bois avtobusni boshqarayotgan haydovchi Koson tumanidagi “Fayzullo qutlug‘ qadam” MChJga qarashli AYoQShda to‘xtagan.

“Xitoylik sayyohlardan yuzaga kelgan vaqtinchalik noqulaylik uchun ‘Azim Travel Servis’ rahbariyati tomonidan uzr so‘ralgan”, — deyiladi xabarda.