O‘zbekiston 2020-yildan boshlab paxta xomashyosini eksportga jo‘natmasligi ma’lum qildi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Yaponiyaning Nikkei Asian Review nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi, deya xabar beradi “Spot”.
“Kelgusi yildan boshlab paxta xomashyosini eksport qilmaymiz. Chunki qo‘shimcha qiymatli mahsulotni qayta ishlash va ishlab chiqarish uchun yetarlicha quvvat yaratildi”, — dedi vazir.
Sardor Umurzoqovga ko‘ra, hozirda tekstil mahsulotlariga xaridor va bozorlar ko‘p. Bu yil 2 milliard dollarlik tekstil mahsulotlari eksport qilingan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkichni 8 milliard dollarga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston joriy yil yanvarida 3,1 million dollarlik 1,6 ming tonna paxta tolasi eksport qilgan. 2016-yil yanvarida bu raqam 49,4 million dollar va 34,6 ming tonnaga teng edi. Paxta tolasining eksportdagi ulushi bu vaqt mobaynida 8 foizdan 0,2 foizgacha kamaygan.