Turkmaniston poytaxti Ashxobodda daydi itlar va mushuklar o‘ldirilmoqda. Hayvonlarni yo‘q qilish uchun uy xo‘jaliklari ishchilari hamda uchastka politsiyachilari jalb qilinmoqda. Politsiya xodimi yoki ishchi turar-joy xo‘jaligi trestiga kuniga kamida bitta yovvoyi it yoki mushuk murdasini topshirishga majbur bo‘lmoqda.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Poytaxt ko‘chalarida kechasi maxsus mashinalar kezib yuribdi va ulardan zaharlangan kolbasa bo‘laklari yo‘llarga otib ketilmoqda. Ushbu harakatlar natijasida yo‘l bo‘yidagi ariqlar, ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalari hayvonlarning murdalariga to‘lib ketmoqda va uy-joy kommunal xo‘jaligi ishchilari ularni u yerdan yig‘ib olmoqda.

Kommunal xo‘jalik ishchilaridan birining so‘zlariga ko‘ra, Ashxobodda daydi kuchuk va itlarning soni keskin kamaygan bo‘lishiga qaramay, hali ham kuniga bir hayvon murdasini topshirish rejasi kamaytirilmayapti. Agar ishchi me’yorni bajarmasa, uning oylik maoshidan kuniga besh manatdan ushlab qolinadi.

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov joriy yilning 15-fevralida egasiz hayvonlarning davlat himoyasida ekani va ular uchun maxsus klinika tashkil qilish yuzasidan topshiriq bergandi.