Eritreya hukumati mamlakat futbol terma jamoasi o‘yinchilariga chet elga chiqish tartiblarini joriy qildi.

Foto: Twitter

Endi chet mamlakatga ketayotgan futbolchilar garov sifatida pul yoki shaxsiy mulkka egalik huquqini davlatga topshirishi kerak bo‘ladi. Bu chetga chiqib siyosiy boshpana so‘ragan holda, Eritreyaga qaytishni istamayotgan sportchilarga qarshi chora sifatida qo‘llanilmoqda.

Radio Erena’ning xabar qilishicha, JCh—2022 saralashi doirasida Nambiyaga qarshi o‘yinga ketishdan avval Eritreya terma jamoasi futbolchilari qaytib kelishlari kafolati sifatida 100 ming nakfa (7 ming AQSh dollari) garov puli yoki mulkka egalik qilish huquqini topshirib ketgan. Manbada keltirilishicha, bunday holatlar “Eritreya uchun odatiy hol”.

2012-yilda 15 nafar eritreyalik o‘yinchi va terma jamoa shifokori Ugandada yo‘qolib qolgan, 2013-yilda esa ular o‘sha yerda siyosiy boshpana olgandi. 2015-yilda esa Eritreya terma jamoasi Botsvanaga yo‘l olgan, jamoaning o‘n nafar a’zosi mamlakatga qaytishdan bosh tortib, o‘sha yerdan boshpana so‘ragandi.

2012-yilgi Londondagi Olimpiadada esa Eritreya olimpiya delegatsiyasining uchdan bir qismi Buyuk Britaniya hukumatidan siyosiy boshpana so‘ragan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!