Surxondaryoda ikki marta uylanib ajrashgan ota farzandlari ta’minoti uchun 154 million so‘m aliment to‘ladi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi matbuot xizmati “Daryo”ga xabar berdi.
Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumanida yashovchi Hamza Choriyev (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) bir emas, ikki marta oila qurib, har ikkalasidan ham ajrashib ketgan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Denov tumanlararo sudining 2013-yil 22-dekabrdagi buyrug‘iga asosan, birinchi oilasidagi bir hamda 2016-yil 7-iyuldagi sud buyrug‘iga ko‘ra, ikkinchi oilasidagi bir nafar farzandi moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan.
Majburiy ijro byurosining Sho‘rchi tumani bo‘limi xodimlari alimentni undirish uchun barcha choralarni ko‘rgach, joriy yil 10-avgust kuni qochoq otaga nisbatan qidiruv qarori e’lon qildi. Shundan so‘ng Hamza Choriyev byuroning Sho‘rchi tumani bo‘limiga kelib, aliment pullarini davlat ijrochisi bilan hisoblab chiqdi. Har ikkala farzandining voyaga yetgunga qadar bo‘lgan aliment pullari, ya’ni birinchi oilasidagi farzandi uchun 75 million, ikkinchi oilasidagi farzandiga 79 million so‘m pulni to‘liq to‘lab berdi.
Farzandlarining moddiy ta’minoti uchun oldindan biryo‘la 154 million so‘m to‘lagan ota unga nisbatan sud tomonidan chiqarilgan ijro hujjatlarini tamomladi. Shuningdek, Hamza Choriyevga nisbatan e’lon qilingan qidiruv qarori hamda qo‘llanilgan cheklovlar bekor qilindi.