Hindiston shimolida joylashgan ikki qishloq aholisi har yil avgust oyining oxirida bir-birlarini toshbo‘ron qiladi, deb xabar beradi Sputnik.

Foto: Sputnik

Gotmar Mela deb nom olgan ushbu festivalda har yili bir necha yuzlab kishilar jarohatlanadi, oldingi yillarda hatto qurbonlar ham bo‘lgan, lekin shunga qaramasdan ushbu an’ana yildan yilga davom etib kelmoqda.

Afsonaga ko‘ra, ushbu bayram 300 yil oldin paydo bo‘lgan. Bir daryoning ikki qirg‘og‘ida joylashgan Pandxurna va Savargaon nomli qishloqlar bo‘lgan. Pandxurna qishlog‘i hukmdori Savargaon qishlog‘i hukmdorining juda go‘zal qizi borligidan xabar topadi va tunda uni o‘g‘irlab qochadi.

Bundan xabar topgan Savargaon qishlog‘i aholisi unga tosh ota boshlaydi. Pandxurnaliklar esa o‘z hukmdorini himoya qilish maqsadida Savargaonliklarga qarshi tosh ota boshlaydi. Natijada Pandxurna hukmdori o‘zining bo‘lajak rafiqasi bilan o‘z qirg‘og‘iga yetib oladi.