13-avgust kuni, Moskva viloyatida joylashgan Alabino dala-o‘quv maydonida Xalqaro armiya o‘yinlarining “Tank biatloni” yo‘nalishi bo‘yicha yarim final bahslari o‘z nihoyasiga yetdi. Unda ishtirok etgan O‘zbekiston jamoasi eng yaxshi natijani qayd etib, finalga yo‘l oldi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti “Daryo”ga ma’lum qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Bahslar davomida jamoalarning har uchala ekipaj a’zolari katta maydonga tushib, estafeda shartini bajardi. Shart davomida ular to‘siqlardan talofatsiz o‘tish, belgilangan nishonlarni yo‘q qilish va imkon qadar qisqa vaqt ichida finish chizig‘ini bosib o‘tishi kerak edi.

“Yurtdoshlarimiz T-72 B-3 tankini mahorat bilan boshqarib, barcha ishtirokchi jamoalar ichida eng yaxshi natijani qayd etishdi. Vakillarimiz jami 2 soatu 37 soniyada marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Bu vaqt ichida 10 ta nishon yakson qilindi”, — deyiladi xabarda.

Taqqoslash uchun aytish mumkinki, O‘zbekiston jamoasi bilan finalda kuch sinashadigan Veytnam jamoasi 2 soat 44 daqiqayu 28 soniya, Kuba 2 soat 44 daqiqayu 36 soniya, Uganda esa 3 soat 2 daqiqayu 39 soniya ko‘rsatkich bilan finalga yo‘l olgan.

“Tank biatloni” musobaqasi 2 guruhda o‘tkazilayotgan bo‘lib, O‘zbekiston jamoasi unda ikkinchi guruhdagi jamoalar bilan bahsga kirishgan. Bunda har bir guruhdan alohida g‘olib va sovrindorlar nomi aniqlanadi. O‘zbekistonlik harbiylarning natijalarini birinchi guruhda ishtirok etib, finalga yo‘l olgan jamoalar ko‘rsatkichiga taqqoslanadigan bo‘lsa, jamoa har ikkala guruhdan musobaqaning final bosqichiga yo‘l olgan davlat vakillari ichida 5-o‘rinni qayd etmoqda.

“Tank biatloni” musobaqasining final bahsi 15-avgust kuni bo‘lib o‘tadi.