Hindistonning Rajaston shtati Jaysalmer shahri yaqinidagi dala-o‘quv maydonida bo‘lib o‘tayotgan “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari – 2019” musobaqasining dastlabki uchta bosqichi bo‘yicha bahslar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti ma’lum qildi.

Foto: Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Xabarda aytilishicha, uchinchi bosqichdan so‘ng O‘zbekistonlik razvedkachilar yuqori o‘rinlardan birini egallab turibdi.

Foto: Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

O‘zbekistonlik razvedkachilar jamoasi rahbari podpolkovnik Vyacheslav Lakotaning ta’kidlashicha, Hindiston tomoni ushbu bosqich uchun 3 km dan ortiqroq masofada maxsus qiyin to‘siqlar yo‘lagini tayyorlagan. Jumladan, 1,3 kilometrli birinchi aylanani razvedkachilar to‘la jangovar ekipirovkada tezlik bilan yugurib o‘tishdi, keyingi aylanada esa 22 ta to‘siqlar yengib o‘tildi.

Shuningdek, ular o‘tgan yillarda musobaqa bo‘lib o‘tgan Novosibirsk shahridagi dala-o‘quv maydonida mavjud bo‘lmagan – panjara (kechuv), qo‘l zinasi, “W” shaklidagi devor, zinali baland sim yog‘och, osma ko‘prik, balansirli orol bunker kabi to‘siqlardan o‘tib, tashlandiq uyda qidiruv vazifasini bajarishgan.

– Jamoa yuqori ko‘rsatkichlarga harbiy xizmatchilarning professionalligi, bilim va ko‘nikmalarining yuksak darajada ekanligi, shuningdek, jamoadagi o‘zaro hamjihatlik va jipslik, g‘alaba qozonishga bo‘lgan ishtiyoq tufayli erishmoqda”, – deydi  podpolkovnik Vyacheslav Lakota.

Eslatib o‘tamiz, 2018-yilgi Xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi “Qo‘shin razvedkasi a’lochilari” musobaqasida O‘zbekistonlik razvedkachilar faxrli 3-o‘rinni (Rossiya Federatsiyasi va Xitoydan keyin) egallashgan edi.