Din ishlari bo‘yicha qo‘mita matbuot xizmati Makka va Madina shaharlarida hojilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar va xizmatlar sifati haqida “Daryo”ga ma’lumot taqdim etdi.
O‘zbekistonlik hojilar uchun Madina shahrida Uhud tog‘i, “Masjidul Qubo”, “Masjidul qiblatayn” kabi tarixiy, muqaddas qadamjolarga ziyorat uyushtirilib, har bir maskanning tarixi, uning islom dini tarixidagi ahamiyati haqida qiziqarli ma’lumotlar berilmoqda. Hojilar Makka shahriga yetib kelgach umra amallarini ado etmoqda.
“Yaratganga shukur-ki, bu yil biz hojilarga e’tibor o‘zgacha bo‘lmoqda. Yoshim sakson ikkida, bir umrlik orzuim mana ushaldi. Bu yilda haj to‘lovlarining arzonlashgani bir tomon bo‘lsa, bu yerda bizga yaratilgan shart-sharoitlarni, xurmat-e’tiborni ko‘rib, xayratdaman. Madinai Munavvarada mehmonxonadan Payg‘ambarimiz masjidlarigacha 40—50 qadam, Makkai Mukarramada Xaramdan uncha uzoq bo‘lmagan xashamatli yangi mehmonxona, biz uchun kecha-yu kunduz davomida yangi avtobuslar bepul xizmat ko‘rsatmoqda. Barcha tashkilotchilarga, xizmatchilarga, xususan muhtaram Yurtboshimizga o‘zimizning samimiy duolarimizni bildiramiz”, — deb ta’kidladi Makka shahriga yetib borgan samarqandlik ziyoratchi 85 yoshlik Mahmatqulov Egamberdi ota.
O‘zbekistonlik ziyoratchilar joylashgan mehmonxonalarda tibbiyot markazlari tashkil etilgan bo‘lib, bu yerda hojilarga tunu-kun malakali tibbiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Bu yil 7200 nafar ziyoratchilar Madina shahrida birinchi marotaba “Masjid an-Nabaviy”dan 50 metr uzoqlikda joylashgan besh yulduzli “Pullman Zamzam” mehmonxonasiga joylashdi.
Makka shahrida esa Haramdan uzoq bo‘lmagan to‘rt yulduzli “Abrojul Hidoya” mehmonxonasining barcha sharoitlarga ega bo‘lgan xonalarida istiqomat qilishmoqda. O‘zbekistonlik ziyoratchilar uchun mehmonxonadan Haramgacha tunu-kun (24 soat) maxsus barcha qulayliklarga ega avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2018-yilda haj uchun to‘lovlar 38 million so‘m (4 900 AQSh dollari)ni tashkil etgan bo‘lsa, 2019-yilda 33,3 million so‘m ( 3 790 AQSh dollari)ni tashkil etdi.Qo‘shni Qozog‘istonda o‘tgan 2018-yilda haj ziyorati uchun to‘lovlar 4 200 AQSh dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2019-yilda 4 800 AQSh dollarini tashkil etdi.
Izoh (0)